Ko‘z kuladimi?... Yohud yuzdagi yolg‘on alomatlari

Axborotning atigi 7 foizi so‘zlar, 30 foizi esa ovoz ohangi va 60 fozdan ortig‘i qarashlar, imo-ishoralar, mimika, jest va boshqalar orqali beriladi.
Suhbatlashayotgan shaxsni psixologlar tomonidan to‘g‘ri tushunish uchun aytilayotgan fikrni so‘zlar, nutq, pantomimika va muloqot «kuzatuvchilari» bilan chambarchas bog‘liq ravishda baholab, o‘z idrokimizni muayyan tugallikgacha yetkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Insonlar o‘z qalbidagi his-tuyg‘ularini odatda:
– konvensial tarzda (muayyan muloqot muhitida standart sifatida qabul qilingan usul orqali);
– dabdurustdan (beixtiyor) ifodalaydilar.
Suhbatdosh berilayotgan xabarga o‘z munosabatini bildirib qo‘ymaslikka intilayotganida hammasi oddiy konvensial noverbal belgilar bilan cheklanishi mumkin. Bu belgilar ba’zan haqiqiy, ammo ko‘pincha, chalg‘ituvchi bo‘ladi.
Profilaktik suhbat davomida odamlar aksariyat hollarida o‘z so‘zlarini chamalaydilar va mimikalarini nazorat qiladilar. Biroq inson bir vaqtning o‘zida ichida tug‘ilayotgan barcha reaksiyalarning ko‘pi bilan 2–3 tasini nazorat qila oladi. Bunday «axborotning chiqib ketishi» tufayli, tegishli bilim va tajriba yordamida shaxsning yashirishni afzal bilgan his-tuyg‘ulari va intilishlarini aniqlash imkoni mavjud bo‘ladi.
Kishilarda beixtiyor yuzaga keladigan reaksiyalar nihoyatda individual bo‘lib, suhbatdoshni juda yaxshi bilgan taqdirdagina uqib olish mumkin. Bu jihatni tushunmaslik boshqa birovni bilishda muqarrar o‘zini o‘zi aldashga olib kelishi mumkin.
Shaxsiy ekspressiyani baholaganda nafaqat tug‘ma farqlar, balki an’analar, tarbiya, muhit va umumiy hayotiy madaniyatning ta’siri ham inobatga olinadi.
Erkaklarning his-tuyg‘ulariga qaraganda ayollarniki aniqroq namoyon bo‘lgani bois, ularni aniqlash osonroq kechadi, ammo har doim ham emas.
Biror insonning qalbida yuzaga kelayotgan kechinmalar uning qiyofasida va harakatlarida muayyan tarzda ko‘rinadi. Profilaktika inspektori bunday jihatlarga alohida, ya’ni malakali tarzda yondashishi maqsadga muvofiqdir. Buning qanday yuz berish jarayonini batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
Yuz mimikasi (ifodasi). Inson his qilayotgan tuyg‘ular ta’sirida yuzdagi turli qismlarning muvofiqlashgan qisqarish va bo‘shashishlari yuzaga keladi. Ular inson boshdan kechirayotgan hissiyotlarni juda yaxshi aks ettiruvchi yuz ifodalarini belgilab beradi.
Yuz mushaklarining holatini boshqarishni o‘rganish qiyin bo‘lmaganligi sababli, hissiyotlarning yuzdagi ifodasini ko‘p hollarda niqoblashga va hatto o‘xshatishga harakat qiladilar.
Inson his-tuyg‘ularining samimiyligidan hissiyotlarning yuzdagi ifodasidagi simmetriya dalolat beradi, ayni vaqtda soxtalik qancha kuchli bo‘lsa, yuzning o‘ng va chap qismlari mimikalari shuncha ko‘p farq qiladi.
Hatto oson anglashiladigan mimika ham ba’zan juda qisqa vaqt (soniyaning ulushi mobaynida) davom etadi va ko‘pincha sezilmay qoladi; uni ilg‘ay olish uchun ancha katta tajriba yoki maxsus mashqlar kerak bo‘ladi.
Bunda ijobiy hissiyotlar (shodlik, huzurlanish) salbiy hissiyotlar (g‘am, uyat, nafrat kabilar)ga qaraganda osonroq bilib olinadi. Inson lablari hissiy jihatdan ayniqsa ifodali bo‘lib, ularni uqib olish aslo qiyin emas (masalan, og‘iz mimikasining kuchliligi yoki lablarni tishlash xavotirdan dalolat beradi, bir tomonga qiyshaygan og‘iz esa ishonmaslik yoki birovning ustidan kulishni bildiradi).
Yuzdagi tabassum odatda do‘stona munosabatni yoki ma’qullashga ehtiyojni bildiradi. Erkaklar uchun tabassum – u har qanday vaziyatda ham o‘zini boshqarib turganligini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat. Ayol kishining tabassumi ancha haqqoniy bo‘lib, ko‘pincha uning haqiqiy kayfiyatiga mos keladi. Tabassumlar hamma joyda turli motivlarni aks ettirgani bois, ularni standart tarzda talqin etishga ortiqcha ishonmagan ma’qul:
– haddan tashqari ko‘p jilmayish – ma’qullanish ehtiyojidan darak beradi;
– qiyshiq tabassum – nazorat qilinayotgan asabiylik belgisi;
– qoshlar ko‘tarilgan holatdagi tabassum – bo‘ysunishga tayyorlik;
– qoshlar tushirilgan holatdagi tabassum – ustunlikni ko‘rsatadi;
– pastki qovoqlar ko‘tarilmagan holatdagi tabassum – nosamimiylik;
– ko‘zlarni katta-katta ochib qilingan tabassum – tahdid.
His etilayotgan tuyg‘ulardan darak beruvchi yuzdagi tipik ifodalar quyidagicha:
– shodlik: lablar qiyshaygan va burchaklari orqaga tortilgan, ko‘zlar atrofida mayda ajinlar hosil bo‘lgan;
– qiziqish: qoshlar biroz ko‘tarilgan yoki tushirilgan, ayni vaqtda ko‘z qovoqlari biroz kengaygan yoki toraygan;
– baxt: lablarning tashqi burchaklari biroz ko‘tarilgan va odatda orqaga tortilgan, bunda ko‘zlar xotirjam;
– nafrat: qosh biroz ko‘tarilgan, yuz cho‘zilgan, bosh ko‘tarilgan, go‘yoki inson kimgadir yuqoridan qarayapti; go‘yo suhbatdoshidan nari ketyapti;
– qo‘rquv: qoshlar biroz ko‘tarilgan, ammo to‘g‘ri shaklga ega, ularning ichki burchaklari surilgan va peshona orqali yotiq ajinlar o‘tgan, ko‘zlar kengaygan, pastki qovoqlar taranglashgan, yuqoridagilari esa biroz ko‘tarilgan, og‘iz ochiq turishi mumkin, burchaklari esa orqaga tortilgan bo‘lib, lablarni tishlar ustidan tortadi va to‘g‘rilaydi (aynan oxirgi alomat his-tuyg‘ularning jadalligidan dalolat beradi); agar qoshlarning yuqorida keltirilgan holatigina mavjud bo‘lsa, bu – nazorat qilinayotgan qo‘rquv;
– g‘azab: peshona mushaklari ichkariga va pastga tortilgan bo‘lib, ko‘zlarning tahdid soluvchi yoki xo‘mraygan ifodasini tashkil qiladi, burun kataklari kengaygan va devorlari ko‘tarilgan, lablar yo zich yopishgan, yo orqaga tortilib to‘g‘ri burchak shakliga kirgan va zich birlashgan tishlar ko‘rsatilgan, yuz ko‘pincha qizargan;
– uyat: bosh osilgan, yuz burilgan (o‘girilgan), nigohlar olib qochilgan, ko‘zlar pastga qaragan yoki bir tomondan boshqa tomonga «yuguradi», ko‘z qovoqlari biroz yumilgan, ba’zan esa birlashgan; yuz ancha qizargan, puls (tomir urishi) tezlashgan, nafas olish notekis;
– g‘am: qoshlar birlashgan, ko‘zlar xira, lablarning tashqi burchaklari ba’zan biroz osilgan.
Turli emotsiyalarda yuz ifodalarini bilish nafaqat boshqalarni tushunish, balki ko‘zgu oldida puxta o‘zlashtirish uchun ham foydalidir.
Nigoh va ko'zlar. Insonning ko‘zlari uning ichki kechinmalaridan aniq dalolat beradi, tajribali «o‘yinchilar» bejizga ko‘zlarini to‘q rangli ko‘zoynak ortida yashirmaydilar.
Insonlarni odatda quyidagilar fosh etadi:
– ko‘zlarning odatdagi ifodasida yuz bergan o‘zgarishlar – muayyan hissiyotning yuzaga kelishi;
– ko‘zlarning beixtiyor harakatlari (sezilarli «yugurik ko‘zlar»)
– xavotir, uyalish, aldash, qo‘rquv, nevrasteniya (nevroz guruhiga kiruvchi psixologik buzilish);
– yaltirovchi nigoh – jonsaraklik, qo‘zg‘alish;
– qotib qolgan nigoh – nihoyatda ojizlik;
– qorachiqlarning kengayishi – qiziqishni sezish hamda axborot, muloqot, fotosurat, hamsuhbat, ovqat, musiqa va boshqa tashqi omillardan huzurlanish, nimanidir qabul qilish, ayni vaqtda kuchli azob; ba’zi dorilar va narkotiklar (marixuana, kokain) iste’mol qilish;
– qorachiqlarning torayishi – g‘ijinish, jahl chiqishi, nafrat va boshqa shu kabi salbiy emotsiyalarning chulg‘ab olishi, biror narsani qabul qilmaslik; muayyan narkotiklar (morfin, geroin) ta’siri;
– qorachiqlarning tartibsiz harakati – mastlik belgisi (bunday harakatlar qancha ko‘p bo‘lsa, odam shuncha mast bo‘ladi);
– ko‘zning kuchli pirpirashi – qo‘zg‘alish, aldov.
Insonlar har doim o‘zlari aniq zavq oladigan yoki yaqin munosabatda bo‘lgan odamlarga qarashni afzal biladilar; bunda ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq noverbal qiziqish namoyish etadilar.
(davomi bor)
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi