1-qismni o‘qish

2-qismni o‘qish

IV

       O‘n uch kun. Bu uyga kelganimga shuncha kun bo‘libdi. Bu vaqt oralig‘ida aytarli hech qanday voqea bo‘lmadi. Men hamon o‘sha tokchada turibman. Menimcha, bu uydagi yagona xona guli bo‘lsam kerak. Boshqa gul ko‘rinmasdi.Beka jahlidan tushgan. Kun davomida farzandlari bilan andarmon bo‘lardi. Ularning uch nafar farzandi bor edi. Beka o‘g‘lini ko‘p urishar, chunki ko‘p to‘polon qilardi. Kun davomida faqat bola yig‘isi-yu, jahldor bekaning dakkilari tinmasdi. Bunday muhit meni to‘rt tomondan siqib kela boshladi.

       Bir kuni yarim tunda baqir-chaqirlardan uyg‘onib ketdim. Atrof qop-qorong‘u edi.  Yotoqxona eshigi tirqishidan shul’a tushib turar, baqir-chaqir ovozlar o‘sha yerdan kelardi. Birdan eshik zarb bilan ochilib, xo‘jayin chiqib keldi. U chayqala-chayqala yurib kelib, o‘zini kresloga tashladi. Beka hamon shang‘illashda davom etar, xo‘jayin bo‘lsa uning gaplariga parvo ham qilmasdan tamaki tutatib o‘tirardi. U bergan va’dalariga qarshi ravishda bugun ham ichib kelgandi. Janjal sababi ham mana shu bo‘lsa kerak. Ust-ustiga chekilayotgan tamakining achchiq tutuni butun xonani tumandek o‘rab oldi. Nafasim bo‘g‘ildi. Nafas ololmay qoldim. Shu tobda bekaning derazani ochib, xonani shamollatishini shu qadar istadimki, ammo bu hamon qarg‘anishda davom etayotgan bekaning xayoliga ham kelmasligini bilardim. U faqat ertalab xonani shamollatadi. Lekin shu bilan birga ertalab hozirgidan besh battar janjal bo‘lishi tayin. Bir tomondan tong otishini intiq kutsam, ikkinchi tomondan tong otmasaydi, derdim...

       Ertasi kuni uyg‘onsam, o‘zimni bolalar xonasiga ko‘rdim. Bundan shunaqangi sevindimki, endi kecha-kunduz qizcha bilan birga bo‘lishim, uni kuzatib o‘tirishim mumkin edi. Qizcha tuvakda sarg‘ayib turganimni sezdi, shekilli, ildizimga suv quydi. Barglarimga qo‘ngan necha haftalik changlarni tozaladi. Bolalar xonasi  juda kichkina bo‘lsa-da, har qalay bu yerda achchiq tamaki tutuni yo‘q, bemalol nafas olishim mumkin bo‘lardi. Tomirimga suv yugurib, o‘zimni anchayin yaxshi his qila boshladim. Ammo tim qora barglarim och tusga kirib qolgandi. Qizcha (aniq yoshini bilmayman lekin kichkina edi) qitmir akasi bilan unchalik chiqishmasdi.Akasining bezoriliklarini yomon ko‘rardi. Mitti ukasiga qarash esa uning asosiy vazifasi edi. Beka kun davomida uy ishlari bilan band bo‘lar, eri bilan munosabati hamon o‘sha, u mast bo‘lib kelgan kunlari kechquruni bilan janjal tinmasdi. Shovqindan uyg‘ongan qizcha o‘rnidan turib, eshikni mahkamlab yopar, tokchaga suyanib, tashqarini kuzatib o‘tirardi. Gohida uning quloqlarini berkitgan ko‘yi yig‘lab o‘tirganini ko‘rib qolardim. Shunday paytlarda qizchaga rahmim kelardi. Uni ovutishni, yupatishni istardim-u, bu borada ojiz ekanligim alam qilardi.

V

          Bir oy. Bu xonadonga kelganimga bir oy bo‘libdi. Keksa bekamni ko‘rgim kelyapti. Uning uyini, u yerdagi gullar bilan yashagan damlarimni sog‘inyapman. Ahvolim tobora yomonlashib bormoqda.Barglarim qurib, to‘kilib ketdi. Atigi uch dona bargim qoldi. Men «qora shahzoda» emas, ko‘kimtir tusdagi kasalmand gul bo‘lib qoldim. Qizcha menga hamon g‘amxo‘r, lekin u hali kichkina. Meni parvarish qila oladigan yoshda emas. Yomg‘ir ostida turib, toza, nam havodan to‘yib simirishni istayman. Kun bo‘yi behol mudrab o‘tiraman. Sulaygan tanam yerga tobora munkayib boryapti.

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.