Samarqand davlat universitetida Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni universitet rektori Rustam Xolmurodov ochdi. Rektor o‘z so‘zida universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar jamoasi ta’lim hamda tadqiqotlar sohasida erishayotgan ijobiy natijalarni qayd etdi. Respublika rahbariyati darajasida katta e’tibor qaratilayotgani tufayli ko‘plab yangi o‘quv binolari qurilgani, yangi laboratoriyalar va ilmiy markazlar ishga tushirilgani, yangi institutlar ochilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, jamoa oldida turgan dolzarb masalalar xususida fikr yuritdi.

    Rektor Rustam Xolmurodov xalqaro nufuzli QS (Quacquarelli Symonds) agentligi tomonidan e’lon qilingan reyting — “QS World University Rankings by Subject – 2026”ga ko‘ra Samarqand davlat universiteti zamonaviy tillar bo'yicha 251-300 o'rinni egallagannini katta mamnuniyat bilan ma’lum qildi.

    Shuningdek, Samarqand davlat universiteti huzuridagi Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritayotgan turkiyalik jurnalist Muhammad Ro‘ziboyga Samarqand davlat universitetining Faxriy professori unvoni topshirildi.

    So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan SamDU amaliy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi, PhD Mohigul Tohirova universitet jamoasi nomidan tabriklandi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.