MAS’UL RAHBARLAR VA YOSHLAR UCHRASHUVI
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Samarqand davlat universitetida rahbarlar va yosh olimlar, doktorantlar hamda talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov, agentlik direktorining ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Noibaxon Mamadaliyeva, O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov, Samarqand davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov hamda boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdilar.
Tadbirni SamDU prorektori Hakim Xushvaqtov ochib berdi va ta’lim hamda ilmiy tadqiqotlar sohasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, universitetning Muhandislik fizikasi instituti qoshidagi Kvant markazi, zamonaviy laboratoriyalar hamda Biokimyo instituti laboratoriyalarida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarga batafsil to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov agentlik faoliyati haqida ma’ruza qildi. O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti direktori Lazizbek Saidoripov esa kvant metrologiyasiga oid ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Shundan so‘ng mas’ul rahbarlar va yoshlar o‘rtasida erkin va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda yosh tadqiqotchilar hamda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Uchrashuv yakunida mehmonlar Samarqand davlat universitetining Muhandislik fizikasi instituti Kvant markazi, ilmiy laboratoriyalari hamda Biokimyo instituti laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

