Bu yil ham Navro‘z bayrami Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida o‘zgacha zavq bilan nishonlandi. Tadbirda  sharq xalqlarining milliy kuy-qo‘shiqlari, betakror raqslari, urf-odat va anʼanalari hamda suratlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

    Navro‘z tantanalariga Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov tashrif buyurdi.

    - Bu yilgi Navro‘z, Ramazon hayiti  birga kelgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi ham mana shu qutlug‘ kunlarga to‘g‘ri keldi. Imom Buxoriy majmuasini ochilishi xalqimiz ruhiyatini yana-da ko‘tardi. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimiz bayramlar og‘ushida. Tinchligimiz abadiy bo‘lsin, - deydi Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Subxon Abbosov – SamDU institut va fakultetlari Navro‘zga alohida tayyorgarlik ko‘rishdi. Asosiy eʼtibor milliy qadriyatlarimizga qaratildi.

    Navro‘z sayli davomida ko‘rgazmali sport musobaqalari, turli tanlovlar va xalqona qiziqarli o‘yinlarning tashkil etilishi tadbirga yana-da o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

    Shuningdek, yoshlarning badiiy chiqishlari ham Navro‘z bayramining ajralmas qismiga aylandi. Universitet talabalari sahna ko‘rinishlari va mushoiralarda faol ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.

    Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami barcha ishtirokchilar uchun quvonchli lahzalar va unutilmas xotiralar tuhfa etdi. Milliy urf-odat va anʼanalarimizning ijtimoiy hayotimizda naqadar muhim o‘rin tutishi bayram tantanalarida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, AQSHning Texas universiteti professori Anvar Zohidov ham ishtirok etdi.

    — Navro‘z sharq xalqlarining milliy qadriyatlari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan, ezgulik, mehr-oqibat, ahillik va birdamlik timsolidir, — deydi professor Anvar Zohidov. — Bu kunda odamlar bir-biriga ezgu tilaklarini bildiradilar. Navro‘z — tabiat, inson va hayot uyg‘onishi, yangi orzular va umidlar bayramidir. Bu yilgi Navro‘zni Samarqand davlat universiteti jamoasi bilan birga nishonlayotganimdan mamnunman. Bu bayram o‘zbek xalqining birdamligi va do‘stligining yorqin ramzidir. Samarqandda Navro‘zni nishonlashning o‘ziga xos, betakror shukuhi bor. Barchaga bayram muborak bo‘lsin!

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati