Xo‘jandlik shoir va olimlar Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutini ziyorat qildilar
Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahridan bir guruh olim va ijodkorlar Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. Hay’at tarkibida Tojikiston Respublikasi xalq shoirasi Farzona Xo‘jandiy, mashhur rassom G‘affor Jo‘rayev, Xo‘jand davlat universitetining o‘ndan ortiq professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari va doktorantlari bor edi. Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida qardosh o‘lkadan kelgan hay’at bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni institut direktori Jo‘liboy Eltazarov ochib, mehmonlarning tashrifidan mamnun ekanini bildirdi. Do‘stona diydorlashuv chog‘ida Xo‘jand davlat universiteti professorlari Matluba Xo‘jayeva, Zamira G‘ofurova, Umida G‘ofurova, Nurullo G‘iyosov so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini, Samarqand va Xo‘jand davlat universitetlari jamoalarining bu boradagi hissasini alohida ta’kidladilar.
Tojikiston xalq shoirasi Farzona Xo‘jandiy qadimiy va navqiron Samarqand hamda mamlakatimiz haqida iliq va ta’sirchan nutq so‘zlab, ikki xalq do‘stligini tarannum etuvchi she’rlaridan o‘qib berdi. Mehmonlar Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti kutubxonasiga ellikdan ortiq kitoblar va esdalik sovg‘alar topshirdilar. Institut talabalari esa shoira Farzona Xo‘jandiy ijodidan namunalar o‘qib, mehmonlar qalbini yanada shod etdilar.

