KVANT MARKAZIDA XALQARO SEMINAR
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Muhandislik fizikasi instituti Kvant markazida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, AQSh va O‘zbekiston olimlari ishtirok etib, kvant fotonika, fotonik chiplar hamda magnetizm masalalarini muhokama qildilar.
Seminarni O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, AQShning Texas universiteti professori Anvar Zohidov boshqarib bordi. U kvant fizikasining zamonaviy fan va texnologiyalar taraqqiyotidagi ahamiyati haqida batafsil to‘xtalib, mazkur xalqaro seminar dolzarbligini alohida ta’kidladi.
Moskva Kvant markazi olimlari Dmitriy Chermoshentsev va Aleksandr Chernov o‘z ma’ruzalarida optik kvant tuzilmalaridan foydalanish, polietilen plyonkalarning optik xususiyatlarini oshirish uchun kvant nuqtalarini tayyorlash va ulardan foydalanish texnologiyalari haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, Samarqand Magnetlanish va muhandislik markazi direktori Zokir Shodiyev “Samarqand Magnetlanish va muhandislik markazining rivojlanish tendensiyalari” mavzusida ma’ruza qildi.
Xalqaro seminar kun tartibidagi masalalar yuzasidan ilmiy bahslarda AQShning Texas universiteti, Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti, Moskva davlat universiteti, ROSATOM Kvant markazi, Sankt-Peterburg ITMO universiteti hamda Buxoro davlat universiteti olimlari faol ishtirok etdilar.
BIRD grant dasturi doirasida loyiha jamoasi a’zolari uchun trening ham tashkil etildi. Treningni AQShlik menejer Emili Ganli olib bordi. U ishtirokchilarni kvant nuqtalarini ishlab chiqish hamda ularni elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadida deraza oynalariga integratsiya qilish texnologiyasi bilan tanishtirdi.









