Samarqand davlat universitetida SamDUning QS World University Rankings by Subject reyting agentligining 2026-yilgi natijalariga ko‘ra, zamonaviy tillar yo‘nalishi bo‘yicha 251–300-o‘rinni egallagani munosabati bilan "Lingvo-g‘alaba: xalqaro reytingdagi tarixiy qadam" mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev ochib berdi.

    Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning yig‘ilish qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Ushbu tabrikda Samarqand davlat universiteti jamoasining keyingi yillarda ta’lim islohotlari, xalqaro hamkorlik, ilmiy tadqiqotlar sohasi hamda xalqaro reytinglarda erishgan yuksak natijalari alohida ta’kidlandi.

    Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarovga reytingdagi o‘rinni tasdiqlovchi maxsus guvohnoma topshirildi.

    Reytingda o‘rin olishda alohida xizmat ko‘rsatgan professor-o‘qituvchilarga rektor tashakkurnomalari SamDU o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev tomonidan topshirildi.

    Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarov institut olimlari, o‘qituvchilari, tadqiqotchilari hamda butun jamoaning ilmiy faoliyati va erishilayotgan muvaffaqiyatlari haqida batafsil ma’ruza qildi.

    Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktorining o‘rinbosari Nurali Hamidov "Top-300: Akademik mahorat va xalqaro nufuz" mavzusidagi ma’ruzasida “Lingvistika” fan reytingida raqamli texnologiyalar vositasida muvaffaqiyatli ishtirok etish yo‘l-yo‘riqlarini izohlab berdi.

    Institutning Amaliy tilshunoslik, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, professor Ibodulla Mirzayev tabrik so‘zi bilan chiqish qildi.