Samarqand davlat universitetida qozoq elining Navro‘z an’analari mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Markaziy Osiyodagi xalqlarning qadriyatlari, tili, madaniyati, an’analari hamda diniy e’tiqodidagi mushtaraklik dunyoning boshqa hududlarida kam kuzatiladigan tamadduniy hodisa bo‘lib, ota-bobolarimizning ming yillar davomida qardosh, do‘st, qo‘shni va quda-anda bo‘lib, hamjihat yashab kelgani hamda buyuk davlatlar va madaniyatlar barpo etishining asosida ham ana shu misli ko‘rilmagan fenomen yotadi. Bunday uyg‘unlik va uzviylik barchamiz uchun umumiy qadriyat va bayram bo‘lgan Navro‘z hamda hayit bayramlarida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Zero, Navro‘z tabiat uyg‘onishi, inson qalbida yangi orzu-umidlar va pok niyatlar boshlanishidir. Bu bayram asrlar davomida Markaziy Osiyo xalqlari hayotida alohida o‘rin tutib, nafaqat fasllar almashinuvini, balki ruhiy va ma’naviy yangilanishni ham ifoda etadi. “Navro‘z” so‘zi “yangi kun” ma’nosini anglatadi va uning tarixi 3 ming yildan ziyod davrga borib taqaladi. Markaziy Osiyo, Eron va Afg‘onistonda keng nishonlanib kelinayotgan bu bayram insoniyatning eng qadimiy va barhayot an’analaridan biridir. Navro‘z mintaqamiz xalqlarining har biri tomonidan o‘zgacha shukuh bilan bayram qilinadi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida Qozog‘iston Respublikasining Samarqand Bosh konsulligi tashabbusi bilan “Qozoq elining Navro‘z an’analari” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida qozoq qardoshlarimizning bu qadimiy bayramni nishonlash an’analari haqida so‘z yuritildi.
“Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, shoir va adib Farmon Toshev, SamDU xalqaro aloqalar prorektori Akmal Ahadov Markaziy Osiyodagi besh qardosh respublikalar o‘rtasida yil sayin rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari, o‘zbek va qozoq xalqlarining azaliy do‘stligi haqida gapirdilar.
Qozog‘iston Respublikasining Samarqand Bosh konsuli Talg‘at Sharipov, SamDU professori Anorgul Salkinbay Prezident Qosim Jo‘mart To‘qayevning 2021-yilda qabul qilgan qarorida “Navro‘z bayramining asosiy maqsadi Qozog‘istonda tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, milliy o‘ziga xoslikni saqlash, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish va atrof-muhitga g‘amxo‘rlik munosabatini shakllantirishdir”, deb ko‘rsatilgani hamda shu sababli qozoq elida Navro‘zni 10 kun davomida xalqning qadimiy an’analari va odatlariga binoan nishonlash an’anasi yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berdilar.
Shundan so‘ng Samarqanddagi “Ipak yo‘li” Turizm va madaniy meros xalqaro universiteti magistratura bosqichida tahsil olayotgan qozoq yoshlari Ayavlim Mahal, Malik Adilbek, Diana Galimjan qizi, Mo‘ldir Beysenbek, Ayimtori Aydarova, Almaxan Arauay, Meruert To‘klibayeva va To‘g‘in Sag‘intay 10 kun davomida birin-ketin nishonlanadigan “Xayriya kuni”, “Madaniyat va milliy urf-odatlar kuni”, “Milliy kiyimlar kuni”, “Milliy sport kuni”, “Hamjihatlik kuni”, “Yilboshi bayrami” kabi tadbirlar haqida taqdimot qildilar.
Davra suhbati davomida so‘z olganlar Markaziy Osiyo xalqlarining mushtarak til, tarix, din, madaniyat, qadriyat va an’analarga asoslangan do‘stligi hamda hamkorligi ushbu hududlarda xalqimizning nurafshon kelajagini barpo etishda umumiy poydevor ekanini, shuningdek, keyingi yillarda bu borada katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidladilar.
Davra suhbati so‘ngida tadbir ishtirokchilari qozoqcha uslubda bezatilgan bayram dasturxonida qozoq milliy taomlari va shirinliklaridan tatib ko‘rdilar.

