Savol:

    Assalomu alaykum. Men odatda kechki 23 dan keyin uxlayman. Lekin tongda turishni juda ham istayman. Ammo men o‘zimda bu odatni shakllantira olmayapman. Tongda turish men uchun judayam muhim. Chunki uxlab qolsam kayfiyatsiz uyg‘onaman. Iltimos shunga aniq dalillar bilan javob bersangiz...

    Anonim

Javob:

    “Inson miyasiga rohat bag‘ishlovchi eng kuchli malham – bu uyqu”, - degan edi buyuk mutafakkir Abu ali Ibn Sino.

    Ertalab uyqudan barvaqt uyg‘onish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ayniqsa, odam uyquga kech yotganda, buni uddalash mushkul. O‘zi nima uchun erta turish kerak? Odamlar o‘z ishlari, kun tartiblariga ko‘ra ertalab qachon uyqudan turishni o‘zlari hal qilsa bo‘ladi. Aslida ham ko‘pchilik shunday qiladi. Lekin erta turish zarur bo‘la turib, buni eplay olmaydiganlar ham oramizda bor. Kech turishi oqibatida ishga, o‘qishga kech qolib, rahbariyatdan dakki eshitib yuradiganlar qancha oramizda?!

Erta turishning foydalari ko‘p. Masalan, Siz har kuni kechki 23 dan keyin uxlab, ertalab soat 7:00 da uyqudan turasiz. Tasavvur qiling, siz shuni bir soat oldinga surdingiz, uyg‘otgich yordamida 6:00 da uyqudan turishga harakat qilib ko‘ring. Keyinchalik budilnik yordamisiz 6:00 da uyqudan turishga odatlanasiz.  Endi 7:00 da emas, har kuni 6:00 da uyqudan turyapsiz. Har kuni uyquda o‘tadigan umringizning bir soati real jonli hayotingizga qo‘shiladi. Bir soat ichida odam ko‘p ish bajara oladi. Masalan, 60 daqiqada 100 sahifagacha kitob o‘qish mumkin. Har kuni ertalab bir soatdan mutolaa qilinsa, uch kunda katta bir kitobni o‘qib bitirish mumkin. Barvaqt turish hisobiga qo‘lga kiritilgan vaqt hisob-kitob qilinganda esa, oyda o‘ttiz soat, bir yilda 360 soat foydali vaqtga ega bo‘lasiz. Bu degani, naqd 15 kunni tejab qolasiz.

    Siz bu kunlardan samarali foydalansangiz bormi… 15 kunni xuddi ko‘z-yumib ochguncha muddatda o‘tib ketadigan uyqu bilan barbod qilgan yaxshimi yoki unumliroq biror mashg‘ulot bilan band bo‘lib, umringizni yana yarim oyga uzaytirganingiz ma’qulmi? Albatta, aqlli kishi ikkinchisini tanlaydi.

Obid Qodirov

Samarqand davlat universiteti

psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti

Umumiy psixologiya kafedrasi mudiri

Shavkat AKRAMOV olgan surat