Lobar hovliga chiqqanda kun allaqachon yoyilgan, quyosh tiniq osmon uzra zarrin nurlarini bir tekisda sochar, mayin shabada esib turgandi. U tomorqa tarafga bir ko‘z tashlab oldi. Yo, tavba, kechagina o‘zi chopiq qilib tugatgan kartoshka palaklari o‘rnida yam-yashil pushtalar yastanib yotar, barglar orasida quyosh nurida gavhardek tovlanib g‘arq pishgan qulupnay donalari osilib turardi. Lobarning ko‘zlari chaqnab ketdi. Ikki kundan beri yegisi kelib, intiq yurgan edi. Yaxshi bo‘ldi.

U qulupnaylardan saralab bir hovuch tergandiki, ortidan Lobar, deb kimdir chaqirdi. Tanish ovoz...

– Kelinuuu, tursangiz-chi. Kun yoyilmasdan sigirni sog‘ib olaqoling.

Lobar cho‘chib uyg‘ondi. Qiya ochilgan eshikdan qaynonasi ko‘rinib turardi. U shundagina ko‘rganlari tush ekanini payqadi.

– Hozir oyi, - dedi u uxlab qolganidan xijolat chekib.

Tezgina yuvindiyu chelakni qo‘liga oldi. Tomorqa oldidan o‘tayotganda atayin to‘xtab, kartoshkazorga qaradi. Nam jo‘yaklar uzra kartoshka palaklari shamolda silkingancha turardi. Lobar ichida xo‘rsindi. Kartoshkalarning qulupnayga aylanib qolishi haqiqatga teskari hodisa bo‘lsa-da, lekin shu tobda bu mo‘jizaning sodir bo‘lishini juda-juda istar edi.

Lobar sigirni sog‘ib qaytganda kelinining bugungi uyquchiligi uchun ertalabdan qovog‘idan qor yog‘ayotgan qaynona so‘ridagi ko‘rpachalarni qoqib, qaytadan to‘shayotgan ekan.

– Menga bering, oyi o‘zim, - dedi Lobar qaynonasining qo‘lidagi ko‘rpachaga qo‘l cho‘zib.

– Siz choyga qarang. Qaynab qurib ketgandir.

Lobar oshxonaga yugurdi. Tezda dasturxon tuzadi. Qaynotasi uchun ovqat isitdi. Dasturxon ustida uchovlon indamasdan choy ichishdi. Lobar shu tobda Adham akasini o‘ylay boshladi. Bitta-yu bitta traktorning orqasidan shu kichik oilani tebratib turgan eri mana bir haftadirki, ish bilan qo‘shni qishloqqa ketgan. Ikki haftada qaytaman degandi. Yana bir haftadan keyin kelib qolsa kerak.

Lobarning bu oilaga kelin bo‘lib tushganiga besh oydan oshgan bo‘lsa-da, Adham hali hech buncha uzoq muddatga ketmagandi. Shuning uchun ham, Lobarning dili xufton. Adham ikki-uch kunda bir telefon qilib turadi, unda ham aloqa yaxshi emasligidan gapi tuzuk eshitilmaydi, darrov uzilib qoladi. Kecha ham telefon qilib, nimadir dedi. Lekin Lobar ilg‘ayolmay qoldi. U shu xayollar og‘ushida yarim kosa sutni ichgisi kelmay o‘tirarkan, beixtiyor ko‘z oldiga tushida ko‘rgan qulupnaylari keldi. Qulupnay yeyishni juda-juda istardi. Shu tobda bir donagina bo‘lsa ham qulupnay yeyishni juda-juda istadi.

–Bugun bozorga tushaman. U-bu narsa kerak bo‘lsa aytsanglar, olib kelardim, - dedi qaynotasi.

Lobar ham biror narsa kerakmasmi, deb so‘rab qolar, degan umid bilan qaynonasiga termuldi. Qaynona keliniga parvo ham qilmadi, na qaynonadan, na qaynotadan, sado chiqmadi. Lobar umid qilish befoyda ekanligini his qilib, indamay oshxonaga kirib ketdi. Ich-ichidan o‘ksindi. Ko‘zlari milt-milt yoshga to‘ldi. Negadir, ota uyi ko‘z oldiga keldi. Otasining bozorga ketishi oldidan birma-bir sizga nima kerak deb so‘rab chiqishini esladi. Vujudini sog‘inch aralash o‘ksinish egalladi.

Lobar kun davomida allaqanday horg‘in kayfiyatda yurdi. Unga faqat va faqat qulupnay kerak edi.

Kech tushdi. Uchovlon so‘zsiz ovqatlanishdi. Chol-kampirga choy damlab berib, o‘zi oshxonadagi ishlarini saranjomladi.

Kecha oydin edi. Kunchiqar tarafdan etni junjiktiruvchi shamol esa boshladi. Lobar dasturxondagi tumshug‘i uchgan choynakka katta qilib tushirilgan qulupnayning suratiga uzoq tikilib qoldi. Bugun ko‘rgan tushi yana yodiga keldi.

Shamol kuchaydi. Lobar uyiga kirdi. Behol joyiga cho‘zildi. Ko‘zlarini yumdi. Allamahal deraza oynasining ohista chertilgani eshitildi. Lobar uyg‘ondi. Deraza yana ikki marta chertildi. Shoshib, pardani ko‘tardi. Oyna ortida qoraygan yuzlarida sog‘inch va tabassum bilan Adham turardi. Lobar derazani ochishi bilan dimog‘iga qoramoy hidi urildi. Adham qo‘lidagi qiyiqcha tashlangan savatchani avaylabgina deraza tokchasiga qo‘ydi.

– Bu senga.

Lobar qiyiqchaga qo‘l cho‘zib, uni ohista ochdi. Oy yog‘dusida gavhardek tovlangancha bir savat qulupnay turardi…

Iroda Bekmuradova Samarqand

davlat universiteti

filologiya fakulteti 3-kurs talabasi.