JAHONIY DOLZARB MASALA

Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda...
Hozirgi davrda oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat mamlakatimizda, balki jahon hamjamiyati oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Chunki iqlim keskin o‘zgarishi, ekologik inqirozlar, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, sho‘rlanishi, eroziyasi, qurg‘oqchilik kabi omillar ta’siri vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Holat sohani yangi innovatsion tendensiyalar, texnologiyalar hamda ilmiy yutuqlarni qo‘llash orqali rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Ushbu muhim masalani atroflicha o‘rganish, ilm-fanni va ta’limni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish va O‘zbekiston tajribasini targ‘ib qilish maqsadida Samarqand davlat universitetining Biokimyo institutida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida an’anaviy VII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ish boshladi. Mazkur anjumanda o‘zbekistonlik olimlar qatorida AQSH, Rossiya, Germaniya, Serbiya, Polsha, Pokiston, Tojikiston kabi davlatlardan olimlar ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisini SamDU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov ochdi va Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmuradovning anjuman qatnashchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti professori, akademik Bakriddin Zaripov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. Moskva davlat universiteti professori Igor Rodin konferensiya ishtirokchilarini tabrikladi va “Oziq-ovqat mahsulotlarini radiatsiyali qayta ishlashda kechadigan fizikaviy-kimyoviy jarayonlarni tadqiq qilish” mavzusida ma’ruza qildi. Shundan so‘ng anjuman qatnashchilari e’tiboriga Samarqand davlat universiteti professori, akademik Qahramon Davronovning “Tuproq unumdorligi va oziq-ovqat muammolari hamda mikroorganizmlar” mavzusida onlayn ma’ruza, Serbiyaning Yadro va boshqa mineral xomashyolar texnologiyalari instituti professori Dragana Randjelovichning “Modellashtiriladigan iqlim sharoitlarida chorva turlicha intensivlikda boqiladigan Qarnabcho‘l mintaqasi yaylovlari tuprog‘ining kimyoviy tarkibi” mavzusidagi ma’ruzasi, Ahmad Qodirov nomidagi Chechen davlat universiteti professori Abdulmalik Batukaevning “Toklarni biotexnologik usulda sog‘lomlashtirish va ko‘paytirish” mavzusidagi ma’ruzasi havola qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida ilmiy munozaralar va fikrlashuvlar sho‘balarda amalga oshirildi. Anjuman o‘z ishini ertaga davom ettiradi.