Xalqaro ta'lim seminari davom etmoqda

Samarqand davlat universiteti hamda Sankt-Peterburg Oliy iqtisodiyot maktabi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro ta'lim seminari bugun o‘z ishini davom ettirdi. Seminarning ikkinchi kunida mazkur iqtisodiyot maktabi talabalari tomonidan amalga oshirilgan brending loyihalari ko‘rgazmasi ochildi. Ta'lim jarayoni doirasida taqdim etilgan barcha ishlar haqiqiy hamkorlar va buyurtmachilar topshiriqlari asosida amalga oshirilgan.
Ko‘rgazmada hududiy brending va madaniy muassasalar brendingi bo‘yicha loyihalar namoyish etildi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ko‘rgazmadagi ko‘pgina ishlar amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, ular Rossiyaning “Gazprom”, “Gazpromneft”, VTB, “Rostelekom”, “Tele2” kabi yirik kompaniyalari, shuningdek, Sankt-Peterburg, Moskva shaharlarida va boshqa hududlardagi yetakchi muzeylar bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilgan.
Dizayn maktabi Davlat Ermitaji, Rus muzeyi, Sankt-Peterburg tarix muzeyi, yetakchi teatrlar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.
Oliy iqtisodiyot maktabi va Samarqand davlat universiteti o‘rtasidagi qo‘shma loyiha doirasida Sankt-Peterburdagi Dizayn maktabi rahbari Mitya Xarshak brending va vizual kommunikatsiyalar bo‘yicha ma'ruza qildi hamda “Madaniy institutlar art-direkshini” magistratura ta'lim dasturini taqdim etdi.