Alisher Navoiy ilm ahliga, olimlarga quyidagicha ta’rif beradi:

Birovki qilsa olimlarga ta’zim,

Qilur go‘yoki payg‘ambarga ta’zim.

Olimlarning maqomi qadim-qadimdan Sharqda juda yuksak bo‘lgan. Buning zamirida ilm o‘rganish, ilm ziyosini tarqatish, butun dunyoni ilm vositasida zabt etishdek, ulug‘vor g‘oya mujassamlashgan edi.

Samarqand davlat universiteti o‘zining g‘oyatda salohiyatli ilmiy maktablari, jahonga mashhur olimlari bilan dovrug‘ qozongan. Bugun mana shu maktablarning, an’analar va qadriyatlarning davomchilari borligi qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.

Samarqand davlat universiteti professori, Beruniy nomidagi respublika Davlat mukofoti laureati, texnika fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abdulla Nasimov taniqli kimyogar olim sifatida O‘zbekistonda, xorijda e’tirof etiladi.

Olim 1973-yilda olis Qo‘shrabotdan Samarqand davlat universitetiga o‘qish uchun kelgan bo‘lsa, mana salkam yarim asr davomida butun hayotini ilm o‘rganishga, yoshlarga ilm berishga bag‘ishladi. O‘tgan bu yillar ichida Abdulla Nasimov 8 nafar fan nomzodi, 2 nafar fan doktori, 2 nafar falsafa doktori tayyorlagan.

- O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirishga e’tibor yildan-yilga kuchayib bormoqda, - deydi Abdulla Nasimov. – Meni bugungi yoshlarga havasim keladi. Ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bir necha chet tillarini, axborot texnologiyalarini mukammal bilishadi. Internet imkoniyatlaridan foydalanishni uddalashadi. Xalqaro doiralarga chiqish, turli anjuman va kongresslarda ishtirok etishga intilishadi. To‘g‘risini aytganda bizning davrimizda bu ishlarni amalga oshirish anchagina mushkul edi. Yaqinda SamDU doktoranti Alisher Ishankulov MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi 2021” tanlovida g‘olib bo‘lganligi buning yaqqol isbotidir. 2021-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumidagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasini eshitib, juda quvondim, ta’sirlandim. Yana yoshlar masalasi. Ma’ruzada keltirilgan raqamlar, ularda mujassamlashgan g‘amxo‘rliklarni ta’riflashga til ojiz. Mening nazarimda O‘zbekistondagi barcha ota-onalar farzandlari, nabiralari taqdiriga qayg‘uradigan insonlarni boshi osmonga yetdi. Yoshi katta oqsoqollarimiz, kayvonilarimiz Prezidentimizni duo qilishmoqda. Biz ancha paytlar yo‘qotib qo‘ygan yoshlarni ilmga intilishini qaytarib berdik. Ular olimni e’zozlanayotganligini, ilmni qadrlanayotganligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turibdi. Birgina Samarqand davlat universitetida 2016-yilda 6 mingdan ziyodroq talaba o‘qigan bo‘lsa, bugun ularning soni 30 mingga yaqinlashdi. Professor-o‘qituvchilarning maoshi bir necha barovar oshirildi. Majburiy mehnatga butunlay barham berildi. O‘zbekiston ilm-fan mamlakatiga aylandi.

Noryigit Musulmonov, SamDU kimyo fakulteti dekani, dosent:

- Samarqand davlat universitetida kimyo fani rivojini Abdulla Nasimov va shogirdlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biz talabalarga domlani har tomonlama o‘rnak qilib ko‘rsatamiz.

Ustozning 2 ta monografiyasi, 400 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijlik mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgan. Shuningdek, kimyo fani she’riy talqin qilingan 3 ilmiy risola – “Hayot kimyodir”, “Hayot javohirlari”, “Moʻjizakor kimyo”, kimyo va adabiyot integrasiyasiga bag‘ishlangan 30 dan ortiq ilmiy maqolalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan. Abdullo Murodovich 10 dan ortiq fundamental, amaliy va innovasion grantlarni hamda SRDF xalqaro grantini qo‘lga kiritgan...

Buyuk turk shoiri Yunus Emro:

Ilm – o‘zni bilmakdir.

Sen o‘zingni bilmassan,

Bu nechun urinmakdir.

deganida ilm o‘rganish aslida o‘zlikka yetish, o‘zlikni tanish ekanligini ta’kidlagan edi.

Otabek SA’DULLAYEV,

SamDU Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.