Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot xavfsizligi faoliyati kafedrasi dotsenti Tanzila Majidova geografiya va ekologiya fakultetida xotin-qizlar masalalari bo’yicha kengash raisi, dekan maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

    Olima sanoat korxonalarining atrof-muhitga ta’sirini baholash (Samarqand viloyatidagi I, II toifaga kiruvchi obyektlar misolida) mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ilmiy rahbari O‘zbekiston Milliy universiteti professori Akmal To‘raboyev.

    Bugunga qadar tadqiqotchining tojik yo‘nalishida ta’lim oluvchi talabalar uchun “Asos’hoi ekologiya” (Ekologiya asoslari) nomli darsligi hamda 5 uslubiy qo‘llanmasi nashr etilgan. Rossiya, AQSH, Germaniya, Qozog’iston kabi davlatlarning nufuzli jurnallarda 50 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari chop etilgan.

    - Jahon miqyosida bir qator sanoat tarmoqlarining jadal o‘sishi, har xil va murakkab ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin ko‘payishi, hududlarda havo havzalarining intensiv ravishda ifloslanishi bilan birga inson salomatligi va atrof muhit holatiga katta zarar yetkazib kelmoqda, - deydi tadqiqotchi Tanzila Majidova. - Shu munosabat bilan atrof muhit holatini yaxshilash, shuningdek, ko‘pchilik korxonalarda qulay sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish, havoni tozalash tizimlari konstruksiyasini tubdan o‘zgartirish muammosi juda dolzarb bo‘lib qoldi. Hozirgi kunda yurtimizda barcha sohalarda yutuqlarga erishish, sanoat ishlab chiqarish sohalarida yangi texnologiyalarning joriy etilishi bilan bir qatorda ekologik vaziyat keskinlashuviga ham olib kelmoqda. So‘nggi yillarda sanoat ishlab chiqarishning o‘sishi bilan bir qatorda atrof-muhitning ifloslanishi ham miqdor va sifat jihatidan ortib bormoqda.

    Sanoatdagi texnologik jarayonlarni jadallashtirish, yuqori texnologiyali energiya va resurslarni tejovchi tizimlarni yaratish, yangi texnologik asbob-uskunalarni ishlab chiqish va joriy etishda katta yutuqlarga erishishilmoqda. Shuningdek, atrof muhitga zararli chang va gazsimon aralashmalarning juda ko‘p miqdorda tashlanishiga,  bu bilan atrof muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan meʼyoridan ortiq bo‘lishiga va atrof muhitning sezilarli darajada ifloslanishiga yo‘l qo‘yilmoqda.  

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.