MUROJAAT
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning yoshlar, ota-onalar, professor-o‘qituvchilar, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillariga
MUROJAATI
Aziz, ota-onalar!
Farzand tarbiyasida hal qiluvchi va eng muhim, masʼuliyatli vazifa bu sizning vazifangizdir. Xalqimiz bilib, ko‘rib, sinovdan o‘tkazib aytganidek: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”.
Avlod davomchisi bo‘lgan o‘g‘il-qizlaringizning tarbiyasiga, taʼlimiga befarq qaramang.
Farzand, eng avvalo, ota-onasining aytganini qiladi. Yo‘rig‘iga yuradi. Siz bunday vakolatingizni hech qachon birovlarning qo‘liga berib qo‘ymang.
Farzandingiz qayerda bo‘lishidan qatʼiy nazar uning yurib turishini, o‘qishini, atrofdagilarga munosabatini muntazam nazorat qilib boring. Farzandingizning do‘stlari kim, qiziqishlari qanday, nimalarga ahamiyat berishigacha ko‘zdan qochirmang.
Farzandingizda yuz berayotgan u ijobiy bo‘ladimi, salbiy bo‘ladimi, har qanday o‘zgarishni chuqur o‘rganing, tahlil qiling. Bolangizni o‘zidan tashqari o‘qituvchi va tarbiyachilaridan, do‘stlaridan, ishxonasidan, yashash joyidan muntazam so‘rab-surishtiring.
Farzandingizning nafaqat hayotda, balki ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokini ham doimiy kuzatib boring.
Unutmang. Farzandingizning yutug‘i sizning yutug‘ingiz, muammosi esa sizning muammoingiz. Undagi yaxshi xislatlardan birinchi navbatda siz bahramand bo‘lasiz. Siz foyda ko‘rasiz. Shuning uchun ham, farzandingizning taʼlim-tarbiyasini maktabga, institut, universitetga yoki muallim va domlalarga tashlab qo‘yish juda katta xato.
Birinchi navbatda masʼuliyat va javobgarlikni siz bo‘yningizga olishingiz kerak. Bu borada qolganlar sizga ko‘makchi.
Aziz farzandlarim, talaba-yoshlar!
Bugun butun dunyoga tahdid solayotgan balo-qazolar ko‘p. Siz ularning domiga tushib qolmang. Bilib qo‘ying, giyohvandlikning oxiri fojia, g‘am, kulfat, iztirob.
O‘ylamay tashlangan har bir qadam butun hayotingizni ostin-ustun qilib yuboradi. Nafaqat o‘zingizni, balki yaqinlaringizni ham qayg‘uga soladi. Bir nafar yigit-qizning og‘ir qismati butun jamiyat uchun fojia deb qaralishi kerak.
Bugun nafaqat giyohvandlik, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar ham ortib bormoqda. Bunday jinoiy to‘dalar yoshlarimizni nishonga olinayotgani ham bor gap.
Begona odamlar, tasodifiy do‘stlar, moddiy manfaatdorliklar zamirida ham hech qachon yaxshilik yotmaydi. Mabodo siz shunday yo‘l qarshisida tursangiz, albatta, ota-onangiz va ustozlaringiz bilan maslahatlashing. Ularning nasihatlariga quloq tuting. Kerak bo‘lsa sizning haq-huqularingizni himoya qiladigan davlat-jamiyat borligini unutmang.
Mehnatning aybi yo‘q. Darsdan bo‘sh paytingizda biror bir yumush bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Lekin, mehnat munosabatlarini qonuniy yo‘llarini qidiring va birinchi darjali vazifangiz o‘qish va ilm olish ekanligini esdan chiqarmang.
Hurmatli professor-o‘qituvchilar!
Globallashuv zamonida talaba-yoshlarning nafaqat bilim olishi uchun, balki tarbiyasi uchun ham masʼul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Har bir yoshni o‘z farzandimiz qatorida ko‘rishimiz, ularning hayotda o‘rnini topishiga chin dildan harakat qilishimiz zarur.
Bu borada bugun taʼlim dargohlarida tyutorlik lavozimlari joriy etilgan. Taʼlim muassasalarining har bir xodimi talaba-yoshlarga mehr bilan qarab, ular uchun qayg‘urishi shart va zarurdir.
Xalqimiz bilib aytgan: “Birniki mingga, mingniki tumanga”. Har bir yoshda kuzatilayotgan xato-kamchiliklarni o‘zimizniki deb qarashimiz, ularni bartaraf etish uchun butun kuchimizni sarflashimiz zarur.
Bu borada taʼlim muassasalaridagi psixologlar faoliyatini ham tahliliy-tanqidiy jihatdan o‘rganishimiz muhim. Zamonaviy taʼlim-tarbiya usullarini hayotga keng tatbiq qilish zarur ekanligini anglab yetish vaqti allaqachon kelgan.
Ko‘pni ko‘rgan tajribali nuroniylar, mahalla oqsoqollari!
Biz sizning ham tajribangizga tayanamiz. Sizlarni bosib o‘tgan hayot yo‘lingiz, yoshlarimiz uchun o‘rnak, ibrat.
Siz ham bolalarimizni turli illatlardan himoya qilishda bizga ko‘maklashing, qo‘llab-quvvatlang.
Yoshlarimizning taʼlim-tarbiyasiga befarq bo‘lmagan jamiyat aʼzolarini ham hamkorlikka, hamjihatlikka chaqiraman.

