Joriy yilning 12-noyabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Udom Ratxamarit boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov hamda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Umidullaevlar kutib oldi. Universitet rahbarlari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, Tammast universiteti rektori, ushbu universitet bosh kotibi va bosh kotib o‘rinbosari ishtirok etishdi.

Tomonlar hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy fan-texnika yutuqlari asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Yurisprudentsiya, huquqshunoslik va huquq ta’limi, falsafa, ijtimoiy gumanitar fanlar, aniq va tabiiy fanlar kabi ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, universitetlar hamkorligida professor-o‘qituvchilarning yuridik hamda boshqa bir qator sohalarda tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yish, bakalavr va magistratura bosqichlarida talaba almashinuvi dasturlarini, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga tatbiq etish, yozgi maktablarni tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish borasida takliflar bildirildi.

Tashrif yakunida Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Udom Ratxamarit va delegatsiya a’zolari Samarqand davlat universitetining ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlikdagi faoliyati hamda ta’lim sifati e’tirofga loyiq ekanini ta’kidlab, kelajakda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash istagini bildirdilar.