DOLZAB MAVZUDA XALQARO KONFERENSIYA
Samarqand davlat universitetida “Elektronika va sog‘liqni saqlash informatika sohasidagi rivojlanish tamoyillari” mavzusida V xalqaro konferensiya ish boshladi.
Konferensiyada dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan ellik nafardan ortiq taniqli olim qatnashmoqda. Konferensiyani Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi.
Rustam Xolmurodov o‘z so‘zida dunyo taraqqiyotining hozirgi bosqichida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt naqadar katta ahamiyatga egaligini, ulardan oqilona foydalanish va bu boradagi xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlik umumbashariy rivojlanishni yangi yuqori darajaga ko‘tarishini alohida ta’kidladi.
AQShning Jorjiya universiteti sog‘liqni saqlash siyosati va boshqaruvi kafedrasi mudiri Mahmud Xon, AQShdagi xej-fond raisi Vinsent Chang, Turkiyaning Acibadem universiteti professori Yusuf Chelik, Hindistonning Rajastan Amity universiteti professori Kanad Rey, Samarqand davlat universiteti professori Arindam Banik sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishda qo‘llanilishining o‘ziga xos xususiyatlari, beqiyos samarasi va amaliy ahamiyati masalalari borasida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Yalpi majlis nihoyasiga yetgach, kunning ikkinchi yarmida konferensiya o‘z ishini sho‘balarda davom ettirdi.





















