Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Xitoyning agrar sohadagi eng yirik va mashhur oliy ta’lim muassasalaridan biri — Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetining rektori professor Wu Pute tashrif buyurdi. Xitoy delegatsiyasini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.

Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universiteti va Samarqand davlat universiteti rektorlari uchrashuvida ikki universitet o‘rtasida bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va istiqboldagi rejalar kelishib olindi. Bunda ikki universitet tomonidan ta’sis etilgan “Xitoy–O‘zbekiston ekinlar seleksiyasi va urug‘chiligi markazi” faoliyatini yanada takomillashtirish hamda markazning keyingi besh yillik rejasi asosida qo‘shma ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etishga kelishib olindi. Markaz tomonidan bug‘doy hamda boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarining turli stress omillarga chidamli bo‘lgan yangi navlarini yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. Shu maqsadda 4 nafar SamDU bitiruvchisi bugungi kunda Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universiteti doktorantura va magistraturasida tahsil olib, zamonaviy yo‘nalishlarda tadqiqot olib bormoqda.

Uchrashuv davomida hamkorlikda kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Kelgusi o‘quv yilida SamDUning 10 nafar talabasi Xitoy hukumati tomonidan ajratiladigan stipendiya dasturlari asosida Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.