2025-yil 6-noyabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Bangladesh Xalq Respublikasining ta’lim vaziri doktor Choudxuri Rafiqul Abrar boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
    Ushbu delegatsiyani qabul qilish marosimi noan’anaviy tarzda, ya’ni “Ta’lim — barqaror rivojlanish uchun” mavzusidagi anjuman shaklida bo‘lib o‘tdi.
Bangladesh Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Monirul Islom hamda Bangladesh Xalq Respublikasining ta’lim vaziri doktor Choudxuri Rafiqul Abrar ishtirok etdilar.
    Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ochdi va mehmonlarni samimiy qutladi.
    Elchi Muhammad Monirul Islom ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini hamda O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini va buyuk mutafakkir olimlari qoldirgan ilmiy meroslarini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng ta’lim vaziri doktor Choudxuri Rafiqul Abrar “Ta’lim — barqaror rivojlanish uchun” mavzusida ma’ruza qilib, ta’lim tizimida barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish, innovatsion o‘qitish usullari hamda ilmiy almashinuv imkoniyatlari, Bangladesh ta’lim tizimi, xalqaro loyihalar hamda talaba almashinuvlari, ikki mamlakat olimlarining tadqiqotlari xususida to‘xtaldi.

    Uchrashuv yakunida Rustam Xolmurodov Bangladesh delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida o‘zaro ilmiy va ta’limiy hamkorlikni yanada kengaytirish, uzoq muddatli o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, laboratoriya resurslaridan samarali foydalanish, Samarqand davlat universiteti va Bangladesh universitetlari o‘rtasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu orqali ilmiy tadqiqotlar, talaba almashinuvlari va o‘qituvchilar uchun seminarlar tashkil etish, shuningdek, YUNESKO va Osiyo banki grantlari bilan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish istagini bildirdi.