IJDODKORLAR BILAN UCHRASHUV
Samarqand davlat universitetining bosh o‘quv binosi majlislar zalida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli ijodkorlar va talabalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari — shoirlar Yangiboy Qo‘chqorov, Muhiddin Abdusamad, Anvarmirzo Qudratov hamda shoirа Tozagul Jumanova ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ijodkorlar va talabalar adabiyotga, umuman olganda, kitobga bo‘lgan munosabat, yoshlar o‘rtasida badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni o‘qish holati haqida fikr almashdilar.
Mumtoz adabiyotimiz durdonalarining barhayot ma’rifiy ahamiyati, bugun yaratilayotgan asarlarning g‘oyaviy-badiiy jihatlari va mazmun-mohiyati haqida suhbatlashdilar.
Badiiy adabiyot mutolaasi yoshlarning yetuklikka erishishida, hayotni teran tushunishida, milliy o‘zligini anglashida va insoniy fazilatlarni shakllantirishda beqiyos ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Mehmon shoirlar o‘z asarlaridan namunalar o‘qib berdilar. Qiziqarli uchrashuv va ma’rifiy suhbat barchada katta taassurot qoldirdi.















