Behbudiyni Vatanida Behbudiy yodga olindi...
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va mazkur oliy ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan “Milliy jurnalistikamiz taraqqiyotida Mahmudxo‘ja Behbudiy fenomeni” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Samarqand, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari rahbarlari, jurnalistlar va olimlar ishtirok etdilar.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi.
Konferensiyada “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarini birlashtirgan tahririyat bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, “Ishonch” va “Ishonch - Doverie” gazetalari bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, taniqli Behbudiyshunos olim Halim Saidov va boshqalar o‘z ma’ruzalarida Mahmudxo‘ja Behbudiy merosining ilmiy-amaliy ahamiyati haqida fikr yuritdilar.
Shundan so‘ng, samarqandlik bir guruh ijodkorlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zolik guvohnomalari topshirildi.
Konferensiyaning rasmiy qismi yakunlangach, ishtirokchilar Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi, taniqli adib va jurnalist Abdusaid Ko‘chimovning Urgut tumani Dehqonobod mahallasidagi kutubxonasi, Urgut temir yo‘l vokzali, Samarqand davlat universitetining zoologiya muzeyi, o‘simliklar oranjereyasi, laboratoriyalari va yangi binolari bilan tanishdilar. Sayohat davomida ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi prorektor Subhon Abbosov mehmonlarga hamrohlik qildi.

































