Qovun va tarvuz urug‘idan yog‘ olinishi haqida eshitganmisiz?

Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistri Iroda Sedalova “Ba’zi poliz o‘simliklari moylari tarkibini xromatografik usullarda o‘rganish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzu bo‘yicha 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari analitik kimyo kafedrasi dotsenti Ismoil Ergashev.
– Ma’lumotlarga qaraganda, yurtimiz hududida har yili 35-40 ming gektardan ortiq yer maydoni poliz ekinlari ekish uchun ajratiladi, - deydi Iroda Sedalova, - Yillik hosil 450-500 ming tonnani tashkil etadi. Poliz ekinlaridan bir necha xil iste’mol mahsulotlari olish mumkin va ular tabobatda ham samarali hisoblanadi. Masalan, qovunning dorivor xususiyatlari zamonaviy tibbiyot tomonidan ham tasdiqlangan. Uni iste’mol qilish organizmdagi ko‘plab fiziologik jarayonlarni boshqarishga yordam beradi. U buyrak, me’da, jigar kasalliklarida hamda ateroskleroz, bronxit, sil, bod kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Qovun etidan konservalar, qandalotchilik sanoatida qiyom va murabbo tayyorlashda foydalaniladi. Aksariyat hollarda, poliz o‘simliklari urug‘lari chiqindi sifatida tashlab yuboriladi. Ammo bu urug‘lardan farmatsevtika va tibbiyotda nihoyatda foydali bo‘lgan olish mumkin. Poliz ekinlaridan olinadigan yog‘ tarkibida 53 xildagi mikro va makro elementlar mavjud. Jumladan temir, rux, magniy, selen va hokazo. Kompleks yog‘da eruvchi vitaminlardan A, E va F ko‘p uchraydi. Vitamin E juda kuchli tabiiy antioksidant hisoblanib, tirik organizmlar hayotida katta ahamiyatga ega. Men ushbu tadqiqotim jarayonida poliz ekinlaridan tarvuz, qovun va qovoq urug‘larining kimyoviy tarkibi va xususiyatlarini o‘rgandim.
Qovun urug‘i tarkibida 35% atrofida yog‘ bo‘lib undan iste’mol va davolash maqsadlarda keng foydalaniladi. Tarvuz urug‘i yog‘i tarkibida qo‘shbog‘li yog‘ kislotalar ko‘p bo‘lib vitaminlar va mikroelementlarga boy hisoblanadi. Undagi aminokislotalar buyrakdagi tuz-suv almashinuvini normallashtiradi. Poliz ekinlari urug‘laridan olingan efir moyi qon va hujayralarda kislota-asos muvozanatini normallashtiradi, buyrakdagi toshlar erishini ta’minlaydi, prostatit rivojlanishini sekinlashtiradi, sil kasalligini davolashda lipidlar almashinuvi va xolesterinning muvozanatiga ta’sir etadi. Organizmni erta keksayishdan himoyalaydi. Garmonal faoliyatni kuchaytiradi, immunitetni oshiradi va yaralar tuzalishini tezlashtiradi. Astma, ekzema, allergiya, depressiya, qandli diabet va boshqa bir qator kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi.
Umuman olganda, tadqiq etilgan poliz ekinlari urug‘laridan olinadigan efir moylaridan farmasevtika va tibbiyotda keng foydalanish bilan birga kosmetik vositalar ishlab chiqarishda xushbo‘ylashtirgich sifatida ham qo‘llansa bo‘ladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.