Kimyo fani tabiiy fanlar ichida oʻz oʻrniga ega boʻlib, bu fanni oʻqitish ham oʻziga xos mas’uliyatni talab qiladi. Mutaxassisligim yuzasidan Germaniya, Fransiya, AQSH, Xitoy oliy ta’lim muassasalarining kimyo fakultetlarida boʻlishga toʻgʻri kelgan va ulardagi kimyo fanlarini oʻqitish boʻyicha yaqindan tanishish imkoniyati boʻlgan. Quyida ushbu davlatlardagi kimyo fanlarini oʻqitish boʻyicha mulohazalar bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

    Dunyoning eng jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri Xitoy hisoblanadi. Xitoyning eng yetakchi universitetlaridan biri bu Siamin universiteti hisoblanadi. Ushbu universitetda kimyo fanini oʻqitishning eng muhim jihatlari quyidagilar desa boʻladi:

    bakalavr bosqichidagi xorijning eng asosiy darsliklari xitoy tiliga oʻgirilgan va ulardan unumli foydalaniladi;

    bakalavr bosqichidan keyin tabiiy va texnika yoʻnalishlari uchun 2 yillik magistratura bosqichiga ingliz tilini bilish qat’iy talab etiladi (kamida 10 000 ta soʻz);

    PhD bosqichiga magistraturaga oʻqimasdan ham bevosita bakalavr bosqichiga oʻtish mumkin va bunda oʻqish davomiyligi 4 yilga teng;

    talabalar imtihon topshirishi juda jiddiy hisoblanib, koʻpincha kampusda soat 23:59 gacha oʻquv xonalarida tayyorgarlik koʻrishadi;

    Germaniyaning yetakchi universitetlaridan biri Leypsig universiteti hisoblanadi. Unda kimyo fanlarini oʻqitishda ham oʻziga xoslik mavjud va ular quyidagilar:

    bakalavr bosqichidan boshlab ingliz tilida chop etilgan xorijning eng asosiy darsliklari unumli foydalaniladi;

    talabalarning bilimini baholashga qattiq talab qoʻyilgan, ya’ni talaba a’lo baho olish uchun 90% dan yuqori natija koʻrsatishi kerak;

    talabalar bilimini tekshirish kalit soʻzlar soniga asoslanadi. Ya’ni yuqori natija olish uchun imtihonga javobda maksimal kalit soʻzlarni ishlatish kerak;

    kimyo fanlarini oʻqitishda nazariy darslar salmogʻi amaliy va laboratoriya mashgʻulotlaridan ancha katta;

    universitetda reytingi eng yuqori darslarni ingliz tilida olib borishga harakat qilinadi.

    Yevropadagi yana bir davlat Fransiyaning Lill 1: fan va texnologiyalar universitetida kimyo fanlarini oʻqitishda eng asosiy jihatlar deb quyidagilarni sanash mumkin:

    bakalavr bosqichidagi xorijning eng asosiy darsliklari fransuz tiliga oʻgirilgan va ulardan unumli foydalaniladi (chunki tarixdan ular inglizlar bilan raqobat qilib kelishadi);

    talabalar bilimini baholashda talabaning erkin fikrlashiga urgʻu beriladi va a’lo baho olish uchun 75% dan yuqori natija koʻrsatish yetarli;

    kimyo fanlarni oʻqitishda nazariy mashgʻulotlar bilan birga laboratoriya ishlariga ham koʻproq e’tibor beriladi.

    Amerika qoʻshma shtatlarining Texas A&M universitetida boʻlganimda kimyo fanlari oʻqitishda quyidagi muhim jihatlarga guvoh boʻldim:

    talabalarni oʻqitishda onlayn platformadan, masalan, BlackboardTM, ConnectTM keng foydalaniladi va ular bilimi ham bevosita onlayn baholanadi;

    talabalarga har bir nazorat (oraliq va yakuniy)dan oldin kamida 1 soat dars faqat oʻtilgan mavzularni takrorlashga bagʻishlanadi. Ya’ni har bir fan sillabusida 3 ta     takrorlash darsiga vaqt ajratiladi;

    fundamental kimyo fanlari (noorganik kimyo, analitik kimyo, organik kimyo va fizikaviy kimyo) kamida 2 ta professor oʻqituvchi tomonidan taklif etiladi va talabalar oʻziga ma’qul kelganini tanlashadi.

     Yuqorida koʻrib oʻtgan universitetlarimizda umumiy tendensiya sifatida quyidagilarni Oʻzbekiston universitetida ham foydalanilsa maqsadga muvofiq boʻlinar edi:

    fundamental kimyo fanlari (noorganik kimyo, analitik kimyo, organik kimyo va fizikaviy kimyo) uchun boshqalar kabi sinovdan oʻtgan darsliklarini tarjima qilib foydalanish kerak. Buni aniq darsliklar misolida ham keltirish mumkin: noorganik kimyodan Atkins&Shriver ning “Inorganic chemistry” yoki Housecroft ning     “Inorganic chemistry” darsligi; analitik kimyodan Skoog ning “Fundamentals of analytical chemistry” yoki Christianning “Analytical chemistry” darsligi; fizikaviy kimyodan Atkins ning “Physical chemistry” yoki Ball ning “Physical chemistry” darsligi; hamda organik kimyodan Clayden ning “Organic chemistry” yoki Klein ning “Organic chemistry” darsliklari.

    talabalar uchun tanlov fanini kafedralar tomonidan emas, talabaning shaxsan oʻz tomonidan tanlashiga erishilishi kerak. Masalan, kafedraga ajratilgan talaba ayni kafedraning barcha tanlab bergan fanlaridan kredit toʻplashi shart emasdir balki. Talaba biror kafedraga biriktirilgan boʻlsa-da, boshqa kafedra tomonidan taklif etilgan darsdan ham kredit olsin.  Bundan tashqari bitta tanlov fan nomi har bir kafedra uchun alohida boʻlishi talab etiladi. Lekin amaliy ahamiyatga ega boʻlgan bir xil nomdagi biror tanlov fanlarni kerak boʻlsa, barcha kafedralar taklif qilsa, talaba eng ma’qulini tanlaydi va natijada sogʻlom raqobat tufayli sifat oshishi mumkin.

    oraliq va yakuniy nazoratlardan oldin takrorlash darslarini ham sillabusga mavzu sifatida kiritish va undan unumli foydalanish kerak;

 

Xurshid Toshpo‘latov,

Samarqand davlat universiteti dotsenti,

kimyo fanlari nomzodi