O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillariga kelib, mamlakatimizda iqtisodiy ahvol ancha og‘irlashib qoldi. Yashash, non topish vahimasi paydo bo‘ldi. Oilamizda xavotir oshib, Toshkentdan Samarqandga ko‘chib keldik. Bu yerda tomorqa bor edi, asalari boqib ham rizq topsa bo‘lardi. Men asalari qutilarini ko‘pincha Urgut, Baxmal tog‘lari poyiga olib borardim. Tog‘lar tepasiga mina qo‘yilgan bo‘lib, podachilar, cho‘ponlar mollarni bu xavfli hududga kiritishmasdi. Asalari esa minadan cho‘chimay, nektar tashirdi. Mol oralamagani bois o‘t-o‘lan ham, gul ham serob edi.

        Urgutning Qatag‘on degan qishlog‘ida harbiylar shtabi bo‘lardi. Undagi askarlar chegaralarni jangarilar, nashafurushlardan himoya qilish uchun navbatchilik qilishardi.

        Men ular bilan suhbatlashishni xush ko‘rardim.

        – Avval boshqa zonada turardim, - deb hikoya qildi qashqadaryolik yigit. - Mina qo‘yilgan maydonga bir ballosning (barlos demoqchi) sigiri kirib, minani bosibdi. Jonivorning orqa oyog‘i uzilgan, o‘zi tirik qolgandi. Zorlanib maʼraydi, deng jonivor. Egasi: olib ber, hech bo‘lmasa so‘yib yeymiz, deydi. Bunday qilishim mumkin emasdi. Toshkentdan mutaxassis kelib, kartaga qarab, olib berishi kerak edi. Haligi odamning ayoli janjal ko‘tarib, giribonimdan oldi. Keyin xavfsizlik uchun, meni u yerdan olib, bu shtabga tashlashdi.Komandirimiz farg‘onalik, juda yaxshi odam. Faqat askarlarmas, qishloqdagilar ham yaxshi ko‘rishadi.”

        – Harqalay, odamlar adashib, palasaga ( mina yotqizilgan joylar) kirishmayatimi”, -tergab qo‘yaman.

        Askar duduqlanib qoldi. Tushundimki, bu haqda gapirish man qilingan. Lekin qishloq podachisi hech nimani yashirmas, bilganini gapirib berardi:

        – O‘ninchini bitirgan bolalar toqqa sayrga chiqishgan. Bir yigitchaning yonida ko‘ngil qo‘ygan qizi ham bor ekan deng. Yonbag‘irda ochilib turgan lolani ko‘rib, haligi bola o‘sha tomonga yugurgan; qizni xursand qilmoqchi bo‘lgan, shekilli. Bir mahal deng, bomba gumbirlab, haligi yigitchani uloqtirib yuborgan. Buni ko‘rgan qiz uni qutqaraman deb, vahima bilan dod degancha o‘sha tomonga yugurgan, lokinda u ham ajalga giriftor bo‘lgan. Tumonot odam to‘plandi: obkom, raykom, voyenniylar... Ichkariga kirgani qo‘ymaydi. Qiz bilan yigitchaning onalari faryodiga chidab bo‘lmaydi. Qavmlari zo‘rg‘a ushlab turibdi. “Qo‘yvoringlar, biz ham bolalarimiz yonida o‘laylik,” deb talpinishadi bechoralar. Yig‘lamagan odam qolmadi. Go‘rkov ham yig‘lab-yig‘lab, yonma-yon go‘r qazidi.

        – Yozib qo‘yibdi-ku “mina bor” deb. Ko‘rishmaganmi? - so‘rayman o‘zimning ham o‘pkam to‘lib.

       – Bularni keyin o‘rnatgan. Avvalgilarini imorat qiladiganlar sug‘urib ketgan: armaturasi bilan tunukasi asqotgan bo‘lsa kerak. Bizning odamlar qoloq...

        Ko‘z o‘ngimda hamon o‘sha baxtiqaro yigit bilan qiz gavdalayotganligi bois, yuragim zirillab, boshqa savol bermayman. Lekin tag‘in bir tafsilotni aytmasam bo‘lmas. Ajal tasmasi soylikdan o‘tgan bo‘lib, narigi tomonda tojiklar, bu tomonda o‘zbeklar qishlog‘i bor ekan. Bu odamlar yillar davomida quda-qudag‘ay bo‘lib, juda ahillashib ketishgan ekan. Endi esa to‘y-maraka, janozaga borishning iloji bo‘lmay qolibdi. Ajal urug‘i qo‘yilgandan keyin ham o‘sha balanlikka chiqib, janozaga yoki to‘yga chorlasharkan, albatta. Ammo birnecha qadam naridagi qishloqqa borish uchun Toshkentdagi elchixonadan ruxsat olish va o‘n kunlab navbat kutishga to‘g‘ri kelarkan. Lekin, bora-bora hiylasini topishibdi. Har ikkala qishloq yigitlari balandlikdan turib, katta katta toshlarni yumalatishibdi. Palasadagi ajal o‘ralari birin-ketin portlab, tor va xavfli so‘qmoq ochilibdi: bordi-keldi izga tushibdi. Bu  qoidaga zid bo‘lsa hamki, boya biz tilga olgan farg‘onalik komandir (Mamajon) bag‘rikenglik qilib, indamay qo‘yaqolibdi.

        Keyinroq, Mamajon bilan ham tanishdim. Hamisha kulib turadigan, qomatbaland, dilkash yigit ekan.

        “Amaki menga shu asalari boqishni o‘rgating, harbiydan qaytsam, ari boqaman”, dedi birinchi uchrashuvda.

        O‘zi haqida ham bor gapni yashirmadi. Oysha degan qiz bilan birga o‘qib, unga ko‘ngil qo‘ygan ekan. Oysha mesxetilik turkning qizi bo‘lib, xushqomat va suluv ekan. (Uni tariflayotganda yigitning ko‘zidan o‘t chaqnagandan bo‘lardi). Xullas, to‘ylari bo‘libdi, bir yildan keyin o‘g‘ilchali ham bo‘lishibdi. Shu orada Farg‘onada janjal boshlanibdi. “Qaynotangni uyiga o‘t qo‘yishdi”, debdi birov. Yugurib borsa, uy yonayotgan, uch to‘rtta tanish-notanish kishi qaynotasini duch kelgan joyiga, duch kelgan narsa bilan urayotgan ekan. Mamajon ham bir armaturani sug‘urib, haligilarni bir boshdan qonga bulayveribdi. Shunda kimdir: “Karimov kelyapti!” degan ekan, haligilar tumtaraqay bo‘lishibdi.

        – Lekin Karimov kelmadi, - deydi Mamajon o‘sha damlarni g‘amgin eslab, - ammo turklarni avtobuslarga solib, Rossiyaga jo‘natishdi. Oysha ham o‘g‘limni olib,ular bilan ketdi. Rosa zorlandim , bo‘lmadi.

        U o‘ksidi, dalda bergan bo‘ldim.

        – Ular Rossiyadan Portugaliyaga ko‘chib ketgan ekan. Adresini topib, xat yozdim.

       – Javobi keldimi? - shoshilib, uning so‘zini bo‘laman.

       – Oysha o‘g‘lim bilan tushgan suratini ham yuboribdi. Ertaga olib kelib, ko‘rsataman. O‘zimga o‘xshaydi. Men ularni, albatta, olib kelaman. Oysha qahr bilan: “U joylarni yelkamning chuquri qo‘rsin, o‘zbeklar yomon odamlar” debdi. Bu o‘zining gapi emas, alamzada qavmlarining safsatasi. Borib, albatta, ko‘ndiraman, U menga ishonadi, gapimga quloq soladi.

        Mamajon xuddi monolog aytayotgandek, ishonch bilan ancha gapirdi. Biz tez-tez uchrashadigan bo‘lib qoldik.

        Bu orada Toshketga borishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Samarqandga ko‘chib kelishda anchayin shoshilganimiz bois, talay zaruratlar: liboslar, kitob-daftarlar qolib ketgan ekan.

        – Qutilarga ko‘z tashlab qo‘ying, men bir ikki kunda kelaman. - dedim Mamajonga, ketish oldidan.

        – Xavotir olmang. - dedi u. - Zarur bo‘lsa navbatchi ham qo‘yaman.

        Toshkentda uzoqroq turib qoldim. Bolalarning maktablaridan spravkalar olish, propiska tashvishlari cho‘zilib ketdi. Buning ustiga, ishxonadagilar, yozuvchilar bilan uchrashuvlar sabab bo‘lib o‘n kun qolib ketdim. Qaytib kelgach, bir kun uyda turib, ertasi “Jiguli” rulini Qatag‘on tomon burdim.

        Bu yerda hech narsa o‘zgarmaganday edi: arilar ajal polosasidan bol tashishida davom etardi. Ramkalar asalga to‘lgani uchun o‘sha kuni yangi mumpardalar qo‘ydim. Va Mamajonni qumsayboshladim; uni Toshkentda ham ko‘p eslagandim. Ammo undan hamon darak bo‘lmayotganili, dilimni g‘ash qila boshladi.

        – Komandirlaring shu yerdami, ayting bir kelsin, - dedim tanish askarga.

        U duduqlanib, jo‘nab qoldi. Javobidan hech vaqo tushunmadim. Keyin o‘zim shtab tomon yo‘l oldim.

       – Mamajonni aytib yuboring, - dedim eshik oldida turgan darbonga.

       – U kishi yo‘q, - dedi allaqanday nadomat va andisha bilan.

       – Ketdimi?

       – Yo‘q, o‘zini otib qo‘ydi.

        Boshqa savol berishga majolim yo‘q edi, devorga suyanib qoldim.

       – O‘ligini qishlog‘iga olib ketishdi, - dedi so‘ramasam ham.

        O‘sha o‘q mening ham yuragimni teshib o‘tganday bo‘ldi xayolimda. Eshik chorcho‘piga bemajol suyanib qoldim. Boshqa savol bermay, palatkamga qaytdim.

        Tafsilotlar bunday bo‘lgan ekan: Tojiklar yashaydigan qishloqda bir hannot, qo‘li qon jinoyatchi bor ekan. U sherigi bilan bu tomonga o‘tibdiyu, podachiga to‘pponcha tirab tahdid qilibdi. So‘ng, bir echkini bo‘ynidan bog‘lab, haligi yo‘lak tomon sudrabdi. Sherigi podadagi boshqa mollarni echkining ortidan haydabdi. Xullas, butun qishloq podasini narigi tomonga o‘tkazib, to‘g‘ri molbozorga haydab boribdi, arzon garovga sotibdi. To‘polon boshlanibdi. Toshketdan generallar kelishibdi. Raykom, obkom, prokuror deganlariday. Ammo ularning birortasiga u tomonga o‘tish huquqi berilmagan ekan. Hamma aybni Mamajonga yuklashibdi. U komandir sifatida bu yo‘lni berkitishi yoki yuqoriga xabar berishi kerak ekan-da.

        Ertasi uni qamoqqa olib ketishmoqchi bo‘lishganda, to‘pponchasini olib...

        Tojikiston hukumatiga yozilgan shikoyatning javobida, haligi jinoyatchi Koreyaga qochib ketganligi, ammo interpol uni izlayotganligi yozilgan ekan.

        Xullas, shunaqa gaplar...

        Lekin bizda bu gaplarning bari sir tutilarkan. Qo‘shni Tojikiston matbuoti bor gapni ipidan-ignasigacha yozib borganidan xabardorman. Tojikiston Qizil Yarim oy jamiyati Sug‘d viloyatining masʼuli Ixtiyor Bobojonov yozadi: “O‘zbek-tojik chegarasidagi inson halokatiga olib kelgan dastlabki va dahshatli portlash Isfara tumanining Qizilpilol qishlog‘i yaqinida yuz bergan edi. 2000-yilning yozida uch ayol va uch qizaloq chegaradagi toqqa o‘tin tergani borishib, minaga duch kelishadi. Ikki ayol va ikki qizaloq o‘sha zahoti halok bo‘ladi. O‘shanda butun respublika seskanib tushgandi.”

        Shundan so‘ng ajal domiga uchraganlar orasida ashtlik Baxtiyor Safarov, isfaralik Sohib Oltmishev, neftobodlik Qanibek Qamchiyev va boshqalarning nomlari qayd etilgan. Har kecha kunduzda kamida o‘n kishi minaga yo‘liqqan. O‘tgan o‘n yil davomida 75 kishi vafot etgan, 70 kishi nogiron bo‘lib qolgan ekan, lekin ularga moddiy va maʼnaviy zararni qoplashni ikkala respublika masʼullari ham gardanga olmayotgan ekan. Tojikiston hukumati Birlashgan Millatlar tashkilotiga murojaat qilib, yerga mina ko‘mish xalqaro qonunlarga zid ekanligini, bu holga barham berish zarurligini taʼkidlab, yordam ham so‘ragan ekan, ammo natija bo‘lmabdi.

        Modomiki, Tojikistondan salkam yuz kishi o‘lib, yetmish kishi nogiron bo‘lib qolgan ekan, bizda ham falokat ko‘lami bundan kam bo‘lmagan. Qurbonlar soni Andijondagi maydonda otilganlardan oz emas. Har ikkala tomonda ham asosan cho‘ponlar. sayohatchilar, yo‘lovchilar, asalarichilar ko‘proq ajal bilan yuzma-yuz bo‘lishgan.Ammo birorta jangari yoki narkobaron zarar ko‘rmagan ekan. Vaholanki, bu ajal maydoni uchun milliardlab mablag‘ sarflangan.

        Bularning bari sevgilisiga gul olib beraman deb balandlikka yugurgan yigit va uning ortidan faryod chekib chopgan o‘sha qiz, farzandi va sevgilisini olib kelish orzusida yongan Mamajonning bir tomchi qoniga arzimas edi! Harholda xotira yodgorligi o‘rnatilishi kerak, qurbon bo‘lganlarga. G‘irrom siyosatning qurboni bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqiga! Aybdorlarning nomi ham sir bo‘lib qolmasin!

        Tan olmoq kerak, qurolli jangarilar dastlab Uzun, Parkent tumanlariga kirishdi. Ular o‘n-o‘n besh kishidan iborat o‘zbek bolalari edi. Bu sho‘rliklarning bari otib tashlandi.

        Minglab kilometrli masofaga mina yotqizishdan ko‘ra tikanli sim tortilsa, chegaradagi armiya kuchaytirilsa, o‘rinli bo‘lar edi, deyishdi, bu sohaning bilag‘onlari. Bilmadim...

        Tojikistonliklar Shavkat Mirziyoyevdan behad minnatdor ekanliklarini yashirishmaydi. O‘zbekiston prezidenti birinchilardan bo‘lib, Tojikistonga rasmiy safar qilganligi, tojiklar davlatining asoschisi Ismoil Somoniy haykali poyiga gulchambar qo‘yganligi, chegarani minalardan tozalashga ko‘rsatma berganligi haqiqiy qo‘shnichilik xislati ekanligini taʼkidlashadi.

        Darvoqe, ajal uchoqlari batamom yuqotildi. Ammo shunga qaramay, o‘sha hududni ko‘pchilik Chernobil deyishga ko‘nikib qolgan. Zero, sherning o‘ligi ham qo‘rqinchlida...

 

Nusrat Rahmat, jurnalist