Yodi hamisha oltin kabi zanglamas yozuvchi, buyuk iste’dod egasi Shuhrat Alimov umri davomida o‘zbek adabiyotini o‘zining qator doston-u balladalari, nodir romanlari bilan boyitdi. Yozuvchining ko‘plab romanlarida o‘zining shaxsi, u yashagan davr muhiti gavdalanganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, yozuvchining «Oltin zanglamas» asarida bosh qahramon Sodiq timsolida adibning o‘zi tasvirlangan, degan fikr uyg‘onadi. Buni adabiyotshunos Ibrohim G‘ofurov o‘z esdaliklarida shunday xotirlagandi:
    «Esimda: «Shinelli yillar», «Oltin zanglamas»larni ilk bora o‘qiganda, bu ikki o‘ziga xos bag‘ri keng asarning Elmurod va Sodiq ismli bosh qahramonlari baayni Shuhrat akaning o‘zi ekanligini ko‘rib, tuyib, hayratga tushganman».
    Umri davomida haqiqatni o‘ziga yalov qilib olgan adibning «Jannat qidirganlar» asarini «Oltin zanglamas» romanining davomi deyish mumkin. Aynan shu asari uchun ham adib ko‘plab ta’qiblarga uchraydi, yozuvchini millatchilikda ayblashadi.

    Asar haqida

    Shuhratning «Jannat qidirganlar» romani 1968-yilda chop etilgan. Yozuvchi bu asarida chet eldagi millatdoshlarimizning fojiali qismatini aks ettirgan. Roman «O‘zbek adabiyoti oltin fondi»ga kiritilgan.

    Syujet

    «Jannat qidirganlar» romani «Tulki tumshug‘idan ilindi» sarlavhali bob bilan boshlanadi. Asarning bosh qahramonlaridan biri A’zam injenerlik institutida o‘qigan, katta-katta martabalarni, yuqori o‘rinlarni xohlovchi – qahramonning o‘z tili bilan aytganda, «stuli kresloga aylanishi»ni istovchi obraz. Sarlavhada tilga olingan «tulki» ham aynan A’zamga nisbatan ishlatilgan. U dastlab tagi zotli, amal va mansab cho‘qqisida turgan oilaning qiziga uylanishni xohlaydi. Ammo A’zam yoqtirgan qizlar uni tashlab ketishadi. Keyinchalik u o‘zining aybi sabab, majburlikdan Nafisa ismli bog‘cha mudirasiga uylanadi. Nafisa esa iymonli, kelishgan, yaxshi qiz edi. Ammo A’zamning unga ko‘ngli bo‘lmay, Surayyo ismli qiz farzandli bo‘lganida ham, biror marta bo‘lsin, qizini qo‘liga olib erkalamaydi. Xotiniga «baxtimning to‘g‘anog‘i» deb qaraydi. A’zamning ishlari yurishmay chet ellik Jeyms ismli injenerning har kuni har xil kiyinishiga, yashashiga havas qilib o‘zi ham o‘zga yurtda yashashni istab qochib ketadi. Biroq chet elga borib ham A’zam ro‘shnolik ko‘rmaydi, u «burnidan ip o‘tkazilgan yuvosh tuya»ga aylanib, xor-zor bo‘ladi. Nafisani esa xoinning xotini deb ishidan bo‘shatishadi, qayerga borsa, hammadan ta’na eshitib ko‘p qiyinchilik ko‘radi.
    Roman voqealari rivojida yana bir qahramon Ummatali juda diyonatli, haqiqatgo‘y shaxs bo‘lishiga qaramay, otasi chet elga qochib ketganligida ayblanib qamoqqa olinadi, ammo Ummatali bilmaydiki, u paytlar go‘dak bo‘lgan, onasi ham yoshlik paytida vafot etgan. Keyin esa uni kimdir asrab olib, qiyinchlik yillarida bolalar uyiga bergan. Ummatali Qimmatxon ismli qizga uylanadi. U qamoqdan qaytganda esa xotini unga xiyonat qilib ketgan bo‘ladi. O‘g‘li Mas’ud esa kichkina bo‘lib, Nafisa mudir bo‘lgan bog‘chaga borar edi. Keyinchalik Ummatali va Nafisa birga turmush qurishadi.

    Tahlil

    Asar mazmun-mundarijasida vatanparvarlik, yurtga sodiqlik kabi ezgu tuyg‘ular yotadi. Vatanga xiyonat qilishdek eng og‘ir jinoyat ekanligi asar voqealari davomida ochib beriladi. Shuhrat bu romanda ikki obraz misolida Vatanga bo‘lgan xiyonatning oqibatini ochib bergan. Bulardan bittasi – Az’am bo‘lsa, ikkinchisi – Saidakbar hoji. A’zam yot yurtda xor-zor, qilgan ishidan mingdan ming pushaymonlar bo‘ladi. Begona mamlakatda biror kun bo‘lsin yaxshi yashamaydi. Asarning yana bir bosh qahramonlaridan bo‘lgan Saidakbar hoji esa katta savdogar bo‘lib, u ham bir kechada g‘oyib, bo‘lib chet elga qochib ketadi. O‘zga yurtda esa farovon, o‘ziga to‘q bo‘lib kun kechiradi, ammo begona yurtda o‘zining yagona tayanchi – farzandlarining qismati fojiali yakunlanadi. Ko‘rish mumkinki, biz yuqorida ta’kidlagan, adibning «millatchi» deb soxta ayblovlarga uchrashiga, shu obrazlar bilan bog‘liq voqealar sabab bo‘ladi. Aslida esa Shuhrat bu asari orqali Vatanparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatib bera olgan.

    Xulosa

    «Jannat qidirganlar» romanidan shuni xulosa qilish mumkinki, A’zam, Saiakbar kabi insonlar izlagan jannat, qadr-qimmat aslida, o‘zimizda – o‘z Vatanimizda. Uni chetdan emas, o‘zimizdan izlashimiz kerak. Adolat, to‘g‘rilikka tayanib ish ko‘rish, jannatni har kim o‘z Vatanida yaratish kerakligi asarning tub mohiyatini ochishga xizmat qiladi.

    Iqtiboslar

  • Hamma qilgan ishni qilish hammaning qo‘lidan keladi, sen mard bo‘lsang, hech kimning esiga kelmaganiga qo‘l ur.
  • Insof – yarim iymon.
  • Hayot – velosiped. Oldinga yurgizish uchun uning g‘ildiragini aylantirib turish kerak.
  • Kurash mardni yashartiradi, qo‘rqoqni qaritadi. Qarg‘aning yuz yillik umridan burgutning o‘n yili yaxshi.
  • Kishi ko‘nglini nohaq og‘ritish Makkaga tosh otgan bilan barobar.

 

Chamangul Saydazzamova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.