MADANIYATLAR BIRLIGI – XALQLAR BIRLIGI
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Koreya Respublikasining Kvandju shahrida joylashgan “Art Bridge 27” tashkiloti bosh direktori Jeong Eui-Rim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarni universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axadov mas’ullar hamrohligida kutib oldi. Delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvda universitetning psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti dekani Zarifa Mo‘minova, dekan o‘rinbosari Shahzoda Ahmedova hamda universitetdagi koreys madaniyati markazi faollari ishtirok etdi.
Tashrif davomida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, san’atshunoslik sohasiga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, zamonaviy san’at yo‘nalishlari — koreys va o‘zbek san’atidagi yangi an’analar, ijodiy yondashuvlar va innovatsion uslublar, oliy ta’lim muassasalarida san’atshunoslik fanlarini o‘qitish metodikasi, o‘quv dasturlari asosida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda madaniy va akademik almashinuvni rivojlantirish, san’at va ta’lim ko‘rgazmalarini tashkil etish, seminarlar va mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, an’anaviy va zamonaviy san’at uyg‘unligini ta’minlash, milliy san’at an’analarini saqlagan holda ularni zamonaviy shakllarda rivojlantirish, kelgusida qo‘shma badiiy loyihalar, xalqaro festivallar va ko‘rgazmalar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, “Art Bridge 27” tashkiloti va universitet o‘rtasida “Media art” loyihasini amalga oshirish doirasida trening dasturlarini tashkil etish, malakali o‘qituvchi (mentor)larni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalar va dasturiy vositalardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif davomida mehmonlar Samarqand davlat universitetining ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlikdagi faoliyati hamda universitetda tashkil etilgan koreys madaniyati markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Safar yakunida mehmonlar katta taassurot olganliklarini ta’kidlab, kelgusida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash istagini bildirdilar.
Ushbu tashrif ikki tomonlama ilmiy-ijodiy aloqalarni mustahkamlash va san’atshunoslik sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qilishi, shubhasiz.









