Ibratdan ingan ma’rifat
Is’hoqxon To‘ra ibrat shoir va olim, noshir va pedagog, din arbobi va islohotchi sifatida umrini Vatan va millat manfaatiga qaratdi. Shoir hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatini varaqlar ekanmiz, uning har bir sahifasida hikmat va ibrat maktabidan ingan ma’rifatning guvohi bo‘lamiz. Bu o‘rinda uning «Lug‘ati sittati alsina», «Jome’ ul-xutut», «Tarixi Farg‘ona», «Mezon uz-zamon» kabi ilmiy, pedagogik hamda badiiy asarlaridagi ma’lumotlar, Ibratni yaqindan bilgan zamondoshlarining xotiralari va o‘sha davr vaqtli matbuotida e’lon qilingan Is’hoqxon Ibrat haqidagi maqolalar muhim o‘rin tutadi. Ma’rifatparvar shoir, maorifchi Ibrohim Davronning quyidagi so‘zlari buning dalili: «Is’hoqxon to‘ra din, ilm-fan va adabiyotda ustozi komilligi bilan butun Farg‘ona va O‘rta Osiyoda inkor etib bo‘lmas darajada bir mavqei mumtoza tutmushdur. ....Is’hoqxon to‘ra olim va fozil bir zoti oliy bo‘lub, bu turfa fazoili insoniyaga molik... Ba’zi ixtiroti ham bordur». Darhaqiqat, Is’hoqxon to‘ra Ibrat shoir, tarixnavis, tilshunos va islomshunos sifatida o‘zidan boy meros qoldirgan. Xatning o‘n yetti turida qalam yurgizgan mohir xattot, o‘z nomida «Matbaai Is’hoqiya»ni tashkil etgan birinchi o‘zbek noshirlaridan edi. Keyinchalik, “Is’hoqiya kutubxonasi”ning tashkil etilishi, bularning natijasida o‘nlab kitob do‘konlarining ochilishi Ibratning o‘z davrining yetuk ma’rifatparvarlaridan ekanligini asoslaydi.
Ibrat teran tafakkur sohibi sifatida juda ko‘p xorijiy mamlakatlarda bo‘ladi. Hayoti haqidagi ma’lumotlarga nazar solar ekanmiz. Is’hoqxon Ibrat onasi orzu qilgan Haj safariga musharraf bo‘lar va muborak ziyoratda vafot etgan volidasini Jidda shahrida dafn etib, Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohatini davom ettirdi. Shu bilan birga, u Istanbul, Sofiya, Afina, Rim kabi Yevropaning markaziy shaharlarida bo‘ldi. Ancha vaqt Afg‘onistonning Kobul, Arabistonning Jidda kabi katta shaharlarida istiqomat qildi. Makka shahridan Qizil dengiz va Hind okeani orqali Hindistonga keldi. 1892—1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlaridan Bombey va Kalkuttada yashadi. Bu yerda ko‘p ishlatiladigan arba’ lisonni, ya’ni to‘rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi. Chet ellarda u Sharq va Gʻarb xalqlari hayoti, madaniyati va san’atini muqoyasa etish imkoniga ega bo‘ldi. Yevropaning ilg‘or ilm-fanini yaqindan o‘rgandi, ilmiy asarlari uchun qimmatli materiallar to‘pladi. U Sharq xalqlari tillari bilan bir qatorda Gʻarb xalqdari tillarini ham bilish zarur deb hisobladi va fransuz tilini, ingliz tilini, shu bilan birga, eng qadimiy finikiya, suriya, yunon kabi yozuvlarini o‘rgandi.
Ibrat ma’rifatparvar hamda mutafakkir shaxs sifatida dunyoda mavjud barcha ilmlarni, ma’naviy-ma’rifiy kashfiyotlarni nuktadonlik bilan qabul qilgan. Yangi maktablarning jamiyat taraqqiyotiga kirib kelishi o‘zbek o‘quvchilariga qiyinchilik tug‘dirdi. Buni inobatga olgan poliglot olim olti tilli arabcha, forscha, hindcha, turkcha, sartcha (o‘zbekcha) va ruscha so‘zlarni o‘z ichiga olgan «Lug‘ati sittati alsina» ya’ni olti tilli lug‘atni yaratadi. Ko‘rinib turibdiki, Milliy uyg‘onish davri jadidiya ta’limi o‘sha davrdanoq xorijiy tillarni bilmoqlikka taraqqiyot omili sifatida alohida e’tibor qaratgan. Jadidchilar maktabida aynan ushbu kitob asosiy darsliklardan biri sifatida foydalanilgan.
Ibrat asarlari orqali o‘zining xolis va asosli nuqtai nazarlari, siyosatdonligi va donishmandligi bilan o‘sha davr ijtimoiy-madaniy taraqqiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkaza oldi. “Tarixi Farg‘ona” asarida haqqoniy davr tarixini yozdi, hamda tarix saboqlariga o‘z munosabati va xulosasini tarixiy, islomiy manbalar bilan asoslab berdi. Buning barobarida taraqqiyot va sinovlar oldida turgan jamiyat uchun ulug‘ mutafakkir «Mezon uz-zamon» asarini yaratdi. Uning serqirra ilmiy-ijodiy va tashkilotchilik faoliyati o‘z davridayoq keng miqyosda e’tirof etilgan.
Ushbu asar kishilik jamiyatini ilf-fanga, taraqqiyotga undaydigan, aslida yashamoqlik dunyoga, nafsga mubtalolik emas balki, inson zotiga mulk qilib berilgan ilmu ma’rifatni kashf qilmoq, dasturul amal bilmoqlik, zamon va makon tushunchasida barcha mezonlar inson baxti va qadri uchun xizmat qilishliligi xususida fikr yuritiladi. Asarda zamon va jamiyat xususidagi mushohadalar 9 ta mezonda asoslangan.
Birinchi mezon ilm, ahli ummatga inkor eshiklarini emas, saodat eshiklarini ochishligi xususidadir. Zero, jadid ma’rifatparvarlarning asosiy g‘oyalaridan biri faqat og‘ir mehnat orqali emas balki ilm orqali baxtli hayot sari intilmoqdir. Olloh tomonidan inson qadr-qimmati uchun yaratilgan imkoniyatlari eshigini kashf qilmoqqa urg‘u beriladi. Bugungi kunda ham bu mezonga amal qilish orqali ilm-fan islohotida shakl emas mohiyat va natija muhimligining e’tirofi aynan shu masalaga qaratilgandir.
Ikkinchi va uchinchi mezonda halollik, rostgo‘ylik, ahillik, insonparvarlik, ilmu ma’rifatning manbasi bo‘lgan Qur’on va hadisga amal qilmoqlik kabi masalalar tilga olingan. Bu o‘rinda ta’kidlash joizki, Ibrat o‘z davrida bugungi kunda taraqqiyotimiz strategiyalaridan biri bo‘lgan ijtimoiy siyosatning nechog‘lik ahamiyatli ekanini ta’kidlab o‘tgan.
To‘rtinchi mezonda ilm, badaviyat va tafakkur haqida, avlod tarbiyasi va usuli savtiya maktablarining millat hayotidagi ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritilgan. Bu o‘rinda aslida insonlar tabaqalashuvi emas balki bilim va tajriba asosida baxtli istiqbol uchun tadorikli bo‘lishi lozim ekanini ta’kidlaydi.
Beshinchi mezonda esa «Asrimiz ilmu hunar, harakat asridur, — deb yozadi adib, — turmoq asri emas. Gʻofil tursa, g‘aflat uyqusidin turguncha, bozori olam o‘tub ketadur. O‘rganmoq darkor. E’tibor qilinglar, ey oqillar!» - deya bashariyatni ogohlik va hushyorlikka chorlaydi.
Oltinchi mezon bid’at va ortiqcha sarf-xarajatlarga ruju qo‘yish, fikrsizlik illatlarining muolajasi xususida. Demak, bu illatlarning o‘zagi aslida o‘qib turib uqmaslikka taqaladi, butun bir xalqqa suratan hashamdorlik aslan esa illatu qarz balosidan ortiq naf’ keltirmasligi ta’kidlanadi.
Yettinchi va sakkizinchi mezonlar libos borasidagi munozaralar xususida, o‘sha davrdagi odamga emas, libosga ixlos qo‘yishning, dunyoparastlikning yomon oqibatlari haqidadir. Bir o‘rinda xalqimiz fe’liga xos bo‘lgan jihat xususida :“Turkiston saxovati, muruvvati ko‘b firqani gado qiladur. Libosga ishonadurlar. Agarda libosda dinga xabar bo‘lsa edi, al iymanu iqrorun bil-lison va tasdiqun bil-qalb ya’ni islom manbalarida keltirilganidek iymon til bilan iqror bo‘lib, qalb bilan tasdiqlashdir demay, al-iymanu qalansuvatu-l-arabi va jubbatuhu-t-tijoriya ya’ni iymon arabcha kiyimu ko‘rinishda der edilar”-deya, aslida mukammal iymon tilda ham, qalbda ham Olloh roziligi uchun savob ishlarga qo‘l urmoq va sunnatga amal qilmoqlikda ekanini kuyunchaklik bilan uqtiradi. Bu mavzu bugungi kunda ham o‘z globalligini yo‘qotgani yo‘q. Zero, mutafakkir ta’kidlaganidek, millatning ma’naviy yuksakligi kitob va ilm saodati nuktadonligi bilan ushbu muammolarga barham berishi mumkin.
To‘qqizinchi mezonda esa o‘tmish va zamon voqealari muqoyasa qilinadi. Muhim xulosalar chiqariladi. Ibrat o‘z davrining donishmandi sifatida millat va yoshlar tarbiyasi xususida ko‘p o‘ylanadi. Yoshlarni vaqtlarini uvolu gunohlar bilan tahditomuz fikrlar bilan zoye’ ketkazmasdan, ming yillik ilmu ijoddan ma’rifatlanishga chaqiradi. Ibrat ilk bor “«Matbaai Is’hoqiya» matbaasida nur taratayotgan quyosh tasviri ichida ilm so‘zini o‘yib yozgan, go‘yo ilm nur taratayotgan quyoshga o‘xshatilgan. Bu ramziy tasvir matbaasida nashr etilgan barcha kitoblarga tushirilgan, hamda bugunga qadar ham bu ramziy timsol ma’rifat bulog‘i bo‘lgan ko‘pgina kitoblarda saqlanib turibdi.
Ibrat she’rlarida doimo bashariyatni ilm-fan mulkiga ega chiqmoqlikka undaydi ya’ni:
Har zamon ahlig‘a bir fan rusumi o‘lg‘ay rivoj,
Ul zamon ahlig‘a kirdor etmasa dono emas.
Qaydin o‘lg‘ayman zamon odamu asru atiq,
Ibrat ol, ilm asridur, kimsai volo emas.
Xullas, Ibrat asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunda ham aktual yechimi topili lozim bo‘lgan masalalardir. Prezidentimiz shahidlar maydonidagi nutqlarida “Bu ma’rifat fidoyilari bugungi zamonimizda yashaganlarida edi qanchadan-qancha buyuk ishlarni amalga oshirgan bo‘lardilar”, deya ta’kidlagandilar. Biz bugungi kunda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari qadam qo‘yar ekanmiz, ana shu millat fidoyilarining kasbini kamol toptirgan darg‘alar masnaviyxonlik, hofizxonlik, navoiyxonlik kabi umuminsoniy qadriyatlarimizni millatimiz ongu shuurida uzoq tarixga ega tafakkur singari yangidan tiklashimiz lozim. Zero, jamiyatimiz taraqqiyot, Yangi bir tamaddun Uchinchi Renessansga qadam qo‘yishi arafasida xalqimiz ilmdan uzoqlashmay, jadid ma’rifatparvarlarimizda ham ta’kidlanganidek ko‘r-ko‘rona fisqu-fasod va illatlarga berilmay, hayotning, dunyoning shakligagina emas, balki mazmun-mohiyati, istiqboliga diqqatli bo‘lishlari, nihoyat ularni bu saodatga erishtiruvchi yagona hidoyat ilmu-ma’rifat ekanini anglashlari dasturul amaldir.
Nazmiya Muhiddinova
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulьteti dosenti

