BITIRUVCHILARGA DIPLOMLAR TOPSHIRILDI
Samarqand davlat universitetining iqtidorli bitiruvchilariga diplomlarni tantanali topshirish marosimi Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, qator mas’ullar hamda bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.
Rustam Xolmurodov iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro ta’lim maydonida va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Jumladan, joriy yilda 95 nafar iqtidorli bitiruvchi dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilinganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, kelgusida universitetning barcha iqtidorli bitiruvchilarini dunyoning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish ko‘lamini yanada kengaytirish, ularning xalqaro ta’lim va ilmiy faoliyatdagi ishtirokini oshirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilanganini qayd etdi.
Marosim davomida iqtidorli bitiruvchilarga diplomlar, ularning ota-onalariga esa universitet rahbariyati nomidan tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

