HAMKORLIKDA YANGI YO‘NALISH
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Sian neft universiteti bilan hamkorlikda Samarqand shahrida Sian neft universiteti filialini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Ushbu bitimga erishish maqsadida o‘tkazilgan onlayn muzokaralarda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Akmal Ahadov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Hakim Xushvaqtov hamda boshqa mas’ul rahbar va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Onlayn muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasida neft-kimyo va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari ilg‘or tajribasini ta’lim jarayoniga keng joriy etish, shuningdek, ular bilan barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Pirovardida Xitoy Xalq Respublikasining Sian neft universiteti bilan erishilgan kelishuvlar asosida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Sian neft universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma oliy ta’lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik bitimi loyihasi tayyorlanib, tomonlar o‘rtasida imzolandi. Shuningdek, Sian neft universiteti filialini tashkil etishga doir tashkiliy-huquqiy tayyorgarlik ishlari, infratuzilmani shakllantirish, kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish bosqichlari va ularni amalga oshirish muddatlari kelishib olindi.




