Pokistonning Bahriya universiteti rektori, isteʼfodagi vitse admiral Asif Halik ushbu universitetning ijtimoiy fanlar fakulteti dekani hamrohligida  Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi.

    Delegatsiya aʼzolarini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,  Oliy Majlis Senati aʼzosi  Rustam Xolmurodov qabul qildi.  Uchrashuvda Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti rahbarlari, psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti vakillari ishtirok etishdi.

    Uchrashuv davomida mamlakatimizda oliy taʼlimning barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlar, universitet taʼlim jarayoni va  infrastrukturasidagi o‘zgarishlar,  xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida erishilgan yutuqlar xususida so‘z bordi. Tomonlar iqtisodiyot, menejment, psixologiya va biomeditsina sohalarida almashinuv dasturlarini, masofaviy taʼlimni amalga oshirishga kelishdilar.

    Uchrashuv so‘ngida ikki tomon kelishuvlarini amalga oshirish uchun memorandum imzolandi. Joriy o‘quv yilining ikkinchi yarmidan ilmiy tadqiqot ishlarini birgalikda amalga oshirishga kelishildi. Kelgusi yilga mutaxassislarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari rejalashtirildi.