REKTORLAR UCHRASHUVI

2025-yil 7-oktabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Rossiya Federatsiyasining Samara universiteti rektori Vladimir Bogatiryov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi. Suhbat chog‘ida tomonlar hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy fan va texnika yutuqlari asosida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Tomonlar o‘rtasida muhandislik fizikası, aeronavtika, astronomiya, fizika, kompyuter texnologiyalari, sun’iy intellekt va matematika kabi ta’lim yo‘nalishlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Mazkur yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida universitetlar o‘rtasida ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish, mavsumiy maktablarni tashkil etish, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida qator yo‘nalishlar bo‘yicha almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qisqa muddatli talaba almashinuv dasturlari va professor-o‘qituvchilar uchun stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Samarqand davlat universitetida amaliy kosmik tadqiqotlar markazini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va agrobiotexnologiyalar sohasida tajriba almashish maqsadida mutaxassislarning Samara universitetiga tashrif buyurishi zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Tashrif yakunida Samara universiteti rektori Vladimir Bogatiryov Samarqand davlat universitetining ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlikdagi faoliyati hamda ta’lim sifati yuksakligini qayd etib, kelgusida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash istagini bildirdi.