IMOM MOTURIDIY ILMIY MEROSI

Samarqand davlat universitetida Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi munosabati bilan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilmoqda.
Konferensiyada O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand arxeologiya instituti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, oliy ta’lim muassasalari olimlari, tadqiqotchilar, shuningdek, Mahdumi A’zam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi mutasaddilari ishtirok etmoqda. Konferensiyada Imom Moturidiyning ilmiy merosi bilan bog‘liq bo‘lgan so‘nggi tadqiqot natijalari e’lon qilindi.
Ushbu anjumaning maqsadi Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib qilishdir. Shu doirada Respublika oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlarining yosh tadqiqotchilari, magistr va talabalari ishtirokida “Maqolalar tanlovi” o‘tkazildi. G‘oliblarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus sovg‘alari topshirildi. Tanlovda O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi Islomshunoslik ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Po‘latova Dildora Aziz qizi 1-o‘rinni egalladi, 2-o‘rinni SamDU talabasi Mushtariybegim Ismoilova qo‘lga kiritdi.
Konferensiyaning birinchi kunida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov, Mahdumi A’zam Dahbediy ilmiy-tadqiqot fondi rahbari Komilxon Kattoev, Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, Ege Universiteti Turk dunyosi tadqiqotlari instituti o‘qituvchisi Nadim Masit, SamDU professori, tarix fanlari doktori Shokir G‘afforov, O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi tadqiqotchisi Muxlisa Mirzayeva kabi olim va tadqiqotchilarning ilmiy asoslangan ma’ruzalari Moturidiy falsafasi va fikrini anglashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Konferensiya ertaga o‘z ishini davom ettiradi.