Samarqand davlat universitetida 2025-yil 3-oktabr kuni «SMART materiallar kimyosi va ularning O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi istiqbollari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

    Konferensiyaning asosiy maqsadi SMART materiallar sohasidagi ilmiy-texnik yutuqlarni muhokama qilish, ularni milliy iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llash imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek, yosh olimlar va startaplar uchun yangi platformalar yaratishdan iborat. SMART materiallar hozirgi vaqtda tibbiyotda, axborot texnologiyalari sohasida, zamonaviy elektron uskunalar ishlab chiqarishda, ekologik muammolarni hal etishda va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda keng qo‘llanilmoqda.

    Ilmiy-amaliy konferensiyani Samarqand davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor Subhon Abbosov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U ilmiy tadqiqotlar va nanotexnologiyalarning iqtisodiy taraqqiyotdagi ahamiyatini, bu borada yosh olimlarning faolligini hamda xalqaro ilmiy hamkorlikning muhimligini alohida ta’kidladi.

 

    Konferensiyaning yalpi majlisi AQShning Kaliforniya shtati tibbiyot departamenti huzuridagi San-Fransisko universiteti professori Sharof To‘g‘izovning “Silver nanoparticles bound with anti-HIV IgG neutralize intravesicular HIV-1 in macrophages and epithelial cells” mavzusidagi onlayn ma’ruzasi bilan boshlandi.

    So‘ngra Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, A. Frumkin nomidagi Fizikaviy kimyo va elektrokimyo instituti tadqiqotchisi Aleksey Buryakning “So‘riladigan materiallar va ularning xromatografiyada qo‘llanilishi”, RFning Qozon milliy tadqiqot texnologiyalari universiteti professori Yuriy Galyametdinovning “Ayrim optik nanomateriallarning xossalari va ularni sintezlash” mavzusidagi, shuningdek, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti professori Olimjon Ro‘zimurodov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti professori Abdushukr Sarimsoqov hamda SamDU professori Nurali Muhammadievlarning soha muammolari yechimiga bag‘ishlangan ilmiy tahliliy ma’ruzalari tinglandi.

    Xalqaro ilmiy konferensiya ertaga o‘z ishini davom ettiradi.