Zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2019-yilda Samarqand davlat universitetida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etildi. 2021-yildan bugungi kungacha qariyb 40 nafar magistrant va 150 dan ortiq bakalavriat talabalari qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlab, ikki tomonlama diplomlarga ega bo‘ldilar.

    Samarqand davlat universitetida qo‘shma ta’lim dasturlarini 2025-yilda bitirgan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov, Xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi.

    Samarqand davlat universiteti Xalqaro ta’lim dasturlari markazida shu kungacha 8 ta xorijiy davlatning 11 oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda 12 bakalavr va 13 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirda 2024–2025-o‘quv yilida tahsilni muvaffaqiyatli tamomlagan 27 nafar bakalavriat talabalariga hamkor oliy ta’lim muassasasi va Samarqand davlat universitetining diplomlari topshirildi.

    – Qo‘shma ta’lim dasturlari xorijning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz iqtisodiyoti va rivoji uchun zarur bo‘lgan, yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy kadrlar tayyorlashda sifat va yuqori samaradorlikka erishish ko‘zlangan, – deydi Samarqand davlat universiteti Xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov. – 2025–2026-o‘quv yilida ham universitetda magistratura mutaxassisliklarida mamlakatimizning kelgusi rivojlanishiga hissa qo‘shadigan kadrlar tayyorlovchi qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish maqsad qilib olindi. Yangi o‘quv yilida dunyoning TOP-500 talikka kiruvchi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirildi.