Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Ilg‘or mexanika: tuzilmalar, materiallar, tribologiya” mavzusida Xalqaro seminar ish boshladi.

    Xalqaro anjumanda Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Xitoy, Yaponiya, Armaniston, Daniya, Fransiya, Italiya, Qozog‘iston, Bolgariya, Janubiy Koreya, Hindiston, Finlyandiya, Sloveniya, Serbiya, Polsha va boshqa xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlaridan olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etmoqda.

    Xalqaro konferensiyani Germaniyaning Berlin texnika universiteti Tizimlar harakati va ishqalanish fizikasi bo‘limi mudiri, professor Valentin Popov ochdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmuradov tabrik so‘zida ilmiy-amaliy hamkorlikning ahamiyati va samarasi, istiqbollari va imkoniyatlari haqida to‘xtaldi.

    Konferensiyada texnik va biologik sistemalarning mexanik, tribologik xususiyatlari va moddiy jihatlarining o‘zaro bog‘liqligi hamda o‘zaro ta’siri, deformatsiyalanuvchi qattiq jismlar mexanikasi, strukturaviy mexanika va tribologiya materialshunosligi kabi masalalar muhokama qilinadi.

    Maqsad – O‘zbekiston Respublikasi va boshqa xorijiy mamlakatlarda olib borilayotgan mexanikaga oid tadqiqotlarning g‘oyasi, tajribalari, istiqbolli yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, dolzarb muammolarini o‘rganish, mexanikaga oid tadqiqotlarda innovatsion yondashuvlar borasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh olimlar e’tiborini istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarga jalb qilishdan iborat.

    Anjumanning birinchi kunida Xitoyning Tsinxua universiteti Zamonaviy tribologiya bo‘yicha asosiy laboratoriyasi direktori, Xitoy Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Jianbin Luo, Buyuk Britaniyaning London Imperial kolledji Tribologiya bo‘limi direktori Daniel Dini, Sloveniyaning Lyubliana universiteti Tribologiya va interfeys nanotexnologiyalari laboratoriyasi mudiri, Xalqaro Tribologiya Kengashi prezidenti o‘rinbosari Mitjan Kalin, Yaponiya Tohoku universiteti Mexanik tizimlar muhandisligi koordinatori, Tribologiya va nanointerfeyslar muhandisligi laboratoriyasi mudiri Koshi Adachi, AQShning Pensilvaniya shtati universiteti Kimyo muhandisligi professori Seong Kim ma’ruza qildi.

    Ma’ruzalar oralig‘ida konferensiya ishtirokchilari o‘rtasida mavzuga doir savol-javob tarzidagi qisqa munozaralar ham bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzachilar savollarga batafsil javob berib, o‘z ilmiy tadqiqotlarining xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

    Anjumanda mexanika va matematik modellashtirish, muhandislik fizika fan sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, yosh olimlar, doktorantlar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus, professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, magistrantlar va iqtidorli talabalar o‘zlari olib borayotgan tadqiqotlarining natijalari, amaliyotga tatbiq etilayotgan ishlanmalari, ilg‘or innovatsion g‘oyalarini o‘zida ifoda etgan ma’ruza, maqola va tezislari bilan ishtirok etmoqda.

    Xalqaro konferensiya 26 sentabrgacha davom etadi.