TA’LIM — NEMIS TILIDA

2025-yil 8-sentyabr kuni SamDUda “Muhandislik fizikasi” nomli yangi magistratura mutaxassisligi ochildi.
Ushbu dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, ta’lim jarayoni nemis tilida olib boriladi. Dastur Berlin Texnika Universiteti (BTU) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. BTU professorlari Samarqandga tashrif buyurib, materialshunoslik nazariyasi, termodinamika, energetik tizimlar, mexatronika va zamonaviy hisoblash usullari kabi muhandislik fanlarini o‘qitadilar.
Hozirda SamDU talabalari BTU talabalari bilan birgalikda materialshunoslik nazariyasi bo‘yicha ilk kurslarni o‘zlashtirmoqdalar. BTU talabalari SamDUda akademik almashinuv dasturi doirasida tahsil olayotganliklari sababli, bu holat nafaqat til amaliyotini kuchaytiradi, balki shaxsiy aloqalarning o‘rnatilishiga ham xizmat qiladi.
Kelajakda dastur ishtirokchilari — talabalar Germaniyaga borib, u yerda amaliyot o‘tashlari yoki magistrlik dissertatsiyalarini Germaniya universitetlari va korxonalarida bajarishlari rejalashtirilgan.
Dasturga Berlin Texnika Universiteti tomonidan professor Valentin Leonidovich Popov rahbarlik qilmoqda.