Samarqand davlat universitetida Xitoyning aqlli qishloq xo‘jaligi mashinalari texnoparki tashkil etiladi

Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov hamda Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov Xitoy Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi fanlar akademiyasiga amaliy tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Samarqand davlat universitetida ushbu akademiya olimlari tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy, aqlli qishloq xo‘jaligi mashinalari va uskunalari asosida texnopark tashkil etish va uni jihozlash bosqichlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida mehmonlar Xitoy Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi fanlar akademiyasining laboratoriyalari va texnoparklari faoliyati bilan tanishdilar. Jumladan, raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan urug‘ va ko‘chatlarni ekish, ularni parvarishlash hamda hosilni yig‘ishtirib olishga mo‘ljallangan zamonaviy mashina va agregatlar taqdim etildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida Samarqand davlat universitetida avtomatlashtirilgan, so‘nggi avlod qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan jihozlangan texnopark tashkil etishga kelishib olindi.