VILOYAT HOKIMI UNIVERSITETGA KELDI

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev bugun Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. U Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov hamrohligida universitetning yangi qurilgan o‘quv binosini borib ko‘rdi. Zamonaviy va sharqona me’morchilik an’analari asosida bunyod qilingan binoning o‘ziga xosligini, o‘quv jarayonlari uchun qulayligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, viloyat hokimi intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida ham bo‘ldi.
Tashrif davomida Adiz Boboyev universitetga taklif qilingan Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlarining rektorlari bilan uchrashdi. Muloqot asnosida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, qabul natijalari, ta’lim sifatini yanada oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar turar-joylariga e’tiborli bo‘lish, fundamental ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish xususida so‘z bordi. Oliy o‘quv yurtlarining rektorlari ham muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z mulohaza va takliflarini bildirdilar. Adiz Boboyev barchaga yangi o‘quv yilida muvaffaqiyat tiladi.