Aqlli texnologiyalar — taraqqiyot asosi

Janubiy Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llanilayotgan aqlli texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Hankyong Milliy Universitetiga tashrif buyurgan samarqandlik talabalar va yosh olimlar guruhiga rahbarlik qilayotgan Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Iqlim o‘zgarishi, resurslar kamayishi va aholi sonining ortishi natijasida butun dunyo dehqonchilik tizimi jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Shu sababli yangi, samarali va tejamkor texnologiyalardan foydalanish tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida barpo etilayotgan aqlli issiqxonalar ana shunday ilg‘or texnologiyalarning yaqqol namunasi bo‘la oladi. Aqlli issiqxona raqamli texnologiyalar asosida resurs va mehnat sarfini kamaytirgan holda sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beradi hamda tabiiy va rejalashtirilmagan yo‘qotishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Sodda qilib aytganda, turli tabiiy omillar o‘simliklarning rivoji va hosildorligiga deyarli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Aqlli issiqxonalar an’anaviy qurilmalarga nisbatan bir qancha ustunliklarga ega. Bunday issiqxonalarda o‘simliklar rivoji uchun nihoyatda qulay muhit yaratiladi. Zamonaviy raqamli uskunalar va aloqa tizimlari ekinlar holati va issiqxona iqlimini uzluksiz kuzatib boradi. Yig‘ilgan ma’lumotlar axborot texnologiyalari platformasiga uzatiladi, u yerda esa maxsus algoritmlar yordamida tahlil qilinadi. Shu asosda sug‘orish, o‘gitlash, yoritish jarayonlari boshqariladi va agromuhandislik tadbirlari zaruratga muvofiqlashtiriladi. Uzluksiz kuzatuv va tahlil ekinlarda kasallik va infeksiya xavfini o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etish imkonini beradi. Aqlli issiqxonalar fermerlar mehnatini yengillashtirish, resurslarni tejash, hosildorlik va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini o‘z boshidan kechirayotgan Janubiy Koreya bugungi kunda qishloq xo‘jaligida ilm-fanga asoslangan ilg‘or, xususan raqamli texnologiyalarni qo‘llash borasida dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylangan. Molekulyar biologiya, muhandislik va sun’iy intellekt texnologiyalarini birlashtirish sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Bu borada kadrlar tayyorlash tizimi ham mukammal tarzda yo‘lga qo‘yilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Samarqand davlat universiteti hamda Janubiy Koreyaning Hankyong Milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur xalqaro loyiha zamonaviy texnologiyalarni chuqur egallagan mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekistonning agrar sohasiga yangi texnologiyalarni joriy etish maqsadini ko‘zlaydi.
Bu yo‘nalishdagi dastlabki qadam sifatida Samarqand davlat universitetining talabalar, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilardan iborat tadqiqot guruhi qishloq xo‘jaligi hamda meva-sabzavotchilik sohasidagi aqlli texnologiyalar bo‘yicha zamonaviy bilimlarni egallash maqsadida Janubiy Koreyada bo‘lib turibmiz.
Safar davomida biz Hankyong Milliy universitetining qator laboratoriyalari, ilmiy markazlari va zamonaviy issiqxonalarida bo‘lamiz, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishamiz. Jumladan, bog‘dorchilik biotexnologiyasi laboratoriyasi, “Hansalim” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tahlili markazi, agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyalari hamda universitet dala-tajriba maydonlariga tashrif buyurib, olib borilayotgan tadqiqotlarni chuqur o‘rganamiz. Qizg‘in muhokamalar orqali bilimlarimizni mustahkamlab boramiz.
Talabalar ushbu sohani chuqur o‘rganish va kelajakda yuqori malakali mutaxassis bo‘lish yo‘lida qat’iy niyat va harakatdalar. Mazkur 7 yillik xalqaro loyiha doirasida har yili 10 nafar talaba qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish uchun Koreyaga boradi va keyinchalik magistratura hamda doktorantura bosqichlarini ham Hankyong Milliy universitetida davom ettiradi...
Samarqand davlat universiteti olimlari nafaqat Janubiy Koreya, balki Italiya, Vengriya, Xitoy va Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan agrar sohadagi aqlli texnologiyalar yo‘nalishida mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand davlat universitetida xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy agrar ta’lim tizimiga asos solish va shu orqali mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga yangi avlod agromutaxassislarni tayyorlash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.