Samarqand davlat universiteti professori Asqar Hasanov rahbarligidagi olimlar va talabalar delegatsiyasi Xitoyning Xunan milliy universitetiga tashrif buyurdi. Samarqandliklarni Xunan milliy universitetining fuqaro qurilishi departamenti boshlig‘i, professor Xan Lin Van kutib oldi. Uning hamrohligida universitet bilan dastlabki tanishuv safariga chiqildi.

    Xunan universiteti — eng qadimiy ilm dargohlaridan biri bo‘lib, unga 976-yilda asos solingan. Hozirda Xunan universiteti dunyoning eng yaxshi 100 universiteti ro‘yxatidan o‘rin olgan. Turli mamlakatlardagi 160 dan ortiq ilmiy muassasalar bilan xalqaro hamkorlik o‘rnatilgan. Universitet tarkibida 31 ta kollej va maktab faoliyat yuritadi. Bu yerda 39 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.

    Shundan so‘ng muzokaralarning amaliy bosqichiga o‘tildi. Unda qo‘shma grantlar, ularning maqsadi, qo‘yilgan vazifalarni bajarish hamda rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

    Safar doirasida samarqandlik olimlar va talabalar delegatsiyasi amalga oshiriladigan ishlar, kutilayotgan natijalar va istiqbolli rejalar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdilar. Ko‘rgazmali taqdimot tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maqsadlarning mushtarakligi tufayli hamkorlik samarali bo‘lishi ta’kidlandi. 19-iyul kuni kollejda ilmiy seminar tashkil qilindi va unda professor Asqar Hasanov 2 ta dolzarb ilmiy mavzu bo‘yicha chiqish qildi.

    Muzokaralardan so‘ng Xunan universitetining laboratoriyalari va fuqaro qurilishi ob’ektlari bilan amaliy tanishuv tashkil etildi. Mavjud zamonaviy laboratoriyalar, ularning jihozlari hamda ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari o‘rganildi. Laboratoriya va dala tadqiqotlarini amalga oshirish usullari hamda texnik omillar yuzasidan fikr almashildi.

    Ushbu safar doirasida Samarqand davlat universiteti va Xunan milliy universiteti o‘rtasidagi qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamkorligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda loyiha ishtirokchilarining har biri uchun vazifalar va mas’uliyatlar, ish yo‘nalishlari hamda ko‘lami aniq belgilab olindi.