Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining bir guruh talabalari, yosh olimlari hamda professor-o‘qituvchilari shu kunlarda Janubiy Koreyaning Hankyong Milliy universitetida bo‘lib turishmoqda.

    Bu safar SamDU hamda Hankyong Milliy universiteti o‘rtasida qo‘lga kiritilgan, yetti yilga mo‘ljallangan xalqaro loyiha doirasida tashkil etildi. Unga ko‘ra, universitetimizning 14 nafar talabasi, yosh olimi va professor-o‘qituvchisi “aqlli qishloq xo‘jaligi” hamda meva-sabzavotchilik sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash maqsadida Janubiy Koreyaga jo‘nab ketdi.

    Safar davomida talabalarimiz Hankyong Milliy universiteti prezidenti, professor Vonhee Li janoblari bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligi sohasiga bo‘lgan qiziqishlari va ushbu yo‘nalishda chuqur bilim olish istaklarini namoyon etdilar.

    Shuningdek, ishtirokchilar universitetning turli ilmiy laboratoriyalari, tadqiqot markazlari va zamonaviy issiqxonalarida bo‘lib, aqlli texnologiyalar asosida olib borilayotgan o‘quv jarayonlari hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishmoqdalar. Jumladan, bog‘dorchilik biotexnologiyasi laboratoriyasi, “Hansalim” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tahlili markazi, agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyalari, shuningdek, universitetning dala tajriba maydonlaridagi ishlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

    Mazkur xalqaro loyiha doirasida har yili SamDUning 14 nafar talabasi va yosh olimi Hankyong Milliy universitetida zamonaviy qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ikki haftalik intensiv o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.