Samarqand davlat universiteti professori 2 milliard 687 million so‘mlik grant sohibi bo‘ldi...

Samarqand davlat universiteti geografiya va tabiiy resurslar kafedrasi professori, geografiya fanlari doktori Vahob Rafiqov tomonidan tayyorlangan “Orol dengizi qurigan tubidagi tuz va qum migratsiyasining kompleks mintaqaviy prognozlashtirish modellarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda istiqbolli deb topildi.
Mazkur loyiha Orolbo‘yi hududida ekologik barqarorlikni ta’minlash, cho‘llanish jarayonlarini ilmiy asosda baholash hamda hududiy prognozlashtirish tizimini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, uni moliyalashtirish uchun 2 milliard 687 million so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Loyiha doirasida Orolqum cho‘lida sodir bo‘layotgan ekologik o‘zgarishlar, xususan tuz va changning hududlar bo‘yicha tarqalish dinamikasini aniqlovchi ilg‘or raqamli modellarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.