Samarqand davlat universiteti Xitoyning Lyaonin Normal universiteti bilan hamkorlik qiladi…

Samarqand davlat universitetiga Xitoyning Lyaonin Normal universiteti partiya qo‘mitasi raisi Lin Ying boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov ham ishtirok etdi. Lyaonin universitetining ilmiy salohiyati, mavjud imkoniyatlari hamda ikki oliy ta’lim muassasasi hamkorligida qo’shma laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha rejalarga to‘xtaldi.
SamDU rektori Rustam Xolmurodov o‘z navbatida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ilmiy sohada tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. O‘rta Osiyoning dolzarb muammolarini birgalikda o‘rganish, suv resurslaridan foydalanish va suv oqimlarini boshqarish, agrar hamda texnik-texnologik yo‘nalishlarda ta’lim sifatini oshirish zarurligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar g‘arb madaniyatining ma’naviy-ma’rifiy sohalarga ta’sirini tahlil qilish, ijtimoiy-siyosiy va texnik-texnologik taraqqiyot yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish, psixologiya va geografiya sohalarida magistratura hamda doktorantura bosqichlarida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan fikr va takliflarning amaliy natijalar berishiga ishonch bildirdilar.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.