Bugun, 19-iyun kuni oliy ta’lim sohasida dunyoning eng nufuzli uch reyting agentliklaridan biri bo‘lgan QS xalqaro reyting agentligi QS World University Rankings 2026-natijalarini e’lon qildi, () unga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti birinchi marta mazkur nufuzli reytingga kirishga muvaffaq bo‘ldi va 1001-1200 o‘rinlarda e’tirof etildi.

    Bu natija Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2022-yil 13-yanvarda qabul qilingan Qarorida belgilangan universitetni “2026-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish” bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosi tomon qo‘yilgan juda ulkan qadam hisoblanadi.

    Samarqand davlat universiteti bu yilgi reytingda bir nechta muhim indikatorlarda ijobiy natijalarni qayd etdi:

  • Professor-o‘qituvchilar va talabalar soni nisbati (Faculty Student Ratio): universitet ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 494-o‘rinni qayd etdi.
  • Akademik obro‘ (Academic reputation) ko‘rsatgichida  534-o‘rinni egalladi.
  • Xalqaro professor-o‘qituvchilar soni (International faculty ratio) ko‘rsatgichida 651-o‘rin qo‘lga kiritildi.

    Ish beruvchilar orasidagi obro‘ (Employer reputation): bu yo‘nalishda universitet 701-o‘rinni egalladi.

    Ma’lumot uchun QS World University Rankings 2026-da ishtirok etish uchun dunyoning 106-mamlakatidan 8467-oliy ta’lim muassasalari ariza bergan bo‘lib, shundan, 1501 tasi reytingga kiritilgan. Shu jumladan, O‘zbekistondan 7  universitet mazkur reytingga kirishga muvofaq bo‘ldi.

    Reytinglarni hisoblashda Scopus bazasida indekslangan 19.8 milliondan ortiq maqolalar va ularga berilgan 200 millionga yaqin iqtiboslar tahlil qilingan. Reyting agentligi o‘tkazgan so‘rovnomalarda 1.5 million akademik soha ekspertlari va 520 mingdan ortiq ish beruvchilar qatnashgan.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.