QALBLARDA YASHAR USTOZ

2025 yil 27 may kuni Samarqand davlat universitetida uzoq yillar ishlagan, butun umrini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan, rus tili va adabiyotini o‘qitish orqali xalqlar do‘stligini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan filologiya fanlari doktori, professor Yevgeniy Malinovskiy xotirasiga bag‘ishlangan “Qalblarda yashar nomi...” ("V dushe kajdogo ostavlen sled…..") nomli konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni Samarqand davlat universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Ahadov kirish so‘zi bilan ochib, Yevgeniy Malinovskiyning ilm-fan, ta’lim sohasidagi xizmatlarini alohida ta’kidladi.
Professor Malinovskiyning hayoti va mehnat faoliyati o‘z ishiga sadoqat namunasidir, ilm-fan va ta’limga xizmat qilish uchun o‘zini qay darajada bag‘ishlash mumkinligining namunasidir. Uning ilmiy ishlari, pedagogik faoliyati, filologiya faniga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, sezilarli iz qoldirgan. Uning ishlari, shogirdlari, ibrati - bularning barchasi madaniy merosimizning bir qismidir.
Uning nomi rus frazeologiyasining rivojlanishi, ayniqsa, professorlar Lyeonid Royzenzon va Yuliya Avaliani tomonidan asos solingan Samarqand frazeologiya maktabi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Yevgeniy Andreyevichning bu maktabga, uning nazariy va amaliy jihatlarini ishlab chiqishga, rivojlanishiga qo‘shgan hissasini hech narsa bilan o‘lchab ham, taqqoslab ham bo‘lmaydi.
Filologiya fanlari doktori, professorlar Jo‘liboy Eltazarov, Ibodullo Mirzayev, Juma Hamroyev, SamDU jahon va rus adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Shahnoza Eshniyozova, fakultetlararo rus tili kafedrasi mudiri, dotsent Saliha Usmonova va boshqalar so‘zga chiqib, zukko olim, zahmatkash ustoz xotirasiga cheksiz ehtirom bildirdilar.