Tarixdan tarixga tashrif...

G'arbda Rim,
Sharqda Samarqand...
“Barcha yo‘llar Rimga olib boradi” – bu atamaning kelib chiqishiga V asrgacha Rim imperiyasida 85 ming kilometrdan ortiq yo‘llar barpo etilgani sabab, deb ko‘rsatiladi. Agar Rim imperiyasining xaritasiga qaralsa, o‘sha davrda qurilgan barcha yo‘llar aynan Rimda tutashganligini ko‘ramiz. Rim imperiyasi davrida yo‘llar shunchalik mustahkam va strategik ahamiyati yuqori bo‘lganligidan hattoki bugungi zamonaviy Yevropa yo‘llarining asosiy qismi aynan Rim imperiyasi davrida qurilgan tosh yo‘llar ustida barpo etilgan. Darhaqiqat, eramizning boshidan ilk O‘rta asrlargacha Rim imperiyasi Janubiy va Gʻarbiy Yevropa, Yaqin Sharq va butun Shimoliy Afrikani birlashtirgan, maydoni 5 million kv.km. ga ega bo‘lib, o‘z davrining eng rivojlangan davlati bo‘lgan. Yana bir muhim jihat shundaki, Rim imperiyasi tarixda ham, bugungi kunda ham butun O‘rta yer dengizi sohillarini egallagan yagona davlat bo‘lgan.
Zamonaviy Italiya Yevropa qit’asining janubida, sohillarini O‘rta Yer dengizi yuvib turuvchi Apenin yarim orolida joylashgan davlatdir. Maydoni 301,2 ming km.kv. Aholisi 60 million kishi. Yirik shaharlari Rim, Turin, Milan, Neapol, Genuya, Venesiya shaharlaridir. Avtomobilsozlik sanoati dunyoda yetakchilardan hisoblanadi eng qimmatbaho avtomobilь modellaridan “Bugatti”, “Ferrari”, “Lombargini”, “Maseratti” kabi avtomobillar Italiyada ishlab chiqarilib, butun dunyoga eksport qilinadi. Eng qizig‘i aksariyat italiyaliklar “Fiat” singari nisbatan arzon avtomobillarda yurishadi. Italiya modalar mamlakatidir: “Gucci”, “Prada”, “Versagi”, “Dolcye Gabbana”, “Giorgio Armani”, “Roberto Cavalli”, “Fendi”, “Valentino”, “Trussardi”, “Benetton” kabi jahonga mashhur brendlarning barchasi Italiyaga tegishlidir, bu borada dunyoning biror mamlakati ularga teng kelolmaydi. Milan shahri dunyoning modalar poytaxtidir.
Bugungi kunda Italiya qadimiy madaniyatlar va zamonaviy ilm-fan to‘qnashgan klassik mamlakatdir. Jahonga mashhur kashfiyotchilar: Leonardo Da Vinchi, Xristofor Kolumb, Marko Polo, Jon Kabot, Amerigo Vespuchchi, Toskanelli kabi olimlar dunyo ilm fanida o‘chmas iz qoldirishgani hammaga ma’lum.
YUNESKO ma’lumotlari bo‘yicha butun dunyo madaniy va san’at merosining 70 foiz Italiya hududida joylashgan bo‘lsa, qolgan 30 foiz butun dunyo bo‘ylab sochilgan. Italiyada 3000 dan ortiq muzeylar bor. Qadimiy shaharlardan Rim, Venesiya, Florensiya, Milan, Neapol, Genuya, Piza kabi shaharlar haqiqatdan ochiq osmon ostidagi muzey shaharlardir. Italiyada landshaft komponentlarining barchasini uchratish mumkin bular; dengizlar, ko‘llar, daryolar, muzliklar, tog‘lar, tekisliklar, o‘rmonlar va butazorlar, ulkan yaylovlar, bepoyon qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari, sitrus meva plantatsiyalari hatto kichik botqoqliklar va dashtlar, tog‘ etaklaridagi mo‘’jazgina ertaknamo qishloqlar va ulkan aglomeratsiyalar, dengiz bo‘ylaridagi kurort zonalar va hatto Vezuviy, Stromboli, Etna kabi harakatdagi vulqonlarni ham uchratasiz. Aynan mana shunday tabiat mo‘’jizalarini, qadimiy yodgorliklarni ko‘rish uchun va mashhur Italyan oshxonasidan bahramand bo‘lish uchun butun dunyodan har yili o‘rtacha 50 million sayyoh keladi.
Italiya davlatining poytaxti Rim shahri hisoblanadi. Poytaxt, Rim provinsiyasi va Lasio viloyatining ma’muriy markazidir. Uning g‘arbiy qismida Vatikan shahar-davlati joylashgan. Rim dunyodagi eng qadimiy va tarixiy hamda madaniy yodgorliklarga boy shaharlardan bo‘lib, "mangu shahar" nomini olgan. Bu zamindagi har bir tosh 2000 yillar avval yaltirab sayqallangan bo‘lib, har kim o‘qishi kerak bo‘lgan tirik tarix kitobidir. Abadiy shahar haqida gapirilganda, Sezar, gladiatorlar, Kolizey, Rim papasi va Vatikan, ulug‘vor xarobalar, qadimiy Panteon, bizga zamonamizning deyarli barcha uy-ro‘zg‘or buyumlari, falsafa, rasm va adabiyotni bergan qudratli Rim imperiyasi yodga olinadi.
Rim uzoq vaqtdan beri shunchaki shahar va Italiyaning poytaxti bo‘libgina qolmay, butun insoniyat uchun kuch-qudrat maskaniga aylangan. Unda 2000 yil orqaga qaytib, hammasi qanday boshlanganini ko‘rish mumkin.
Bugungi Rim tom ma’noda zamonaviy dunyoning markaziga aylanmoqda, har qanday shaharga borganda sayohatni aeroportdan boshlaysiz. Rimdagi Fumichino aeroporti dunyodagi eng yiriklaridan biridir, undan jahonning 200 dan ortiq shaharlariga qatnovlar amalga oshiriladi. Aeroport hududi eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib o‘zingizni komfortda his qilasiz.
Rim turizm, ilm-fan, madaniyat, sport, savdo, gastronomiya va forumlar markaziga aylangan. Ko‘chalarda har qadamda turistlarni, talabalarni va kichik kafelarda ovqatlanib o‘tirgan odamlarni uchratasiz.
Rimdagi oliy o‘quv yurtlarining ko‘pchiligi dunyoning Top-1000 talik reytinglariga kiradi. Aynan Italiya ta’lim uchun xorijliklarga ko‘plab grantlar ajratadi, talab qilinadigan narsa ingliz yoki italyan tilini akademik darajada bilishlik va o‘z mutaxassisligidan kreativ bilimlarga ega bo‘lishlikdir.
Men ishtirok etgan xalqaro kongress “Global iqlim o‘zgarishi va ekologik barqarorlik” mavzusida AQSHning “Times Scientific Group” ilmiy jamiyati tomonidan tashkil etildi. Kun tartibidan Global iqlimning o‘zgarib borayotganligi, ekologik muammolar, muzliklarning erishi, chuchuk suv va oziq-ovqat muammosi, atmosferaning ifloslanishi va ularning yechimini topish kabi bir qator masalalar o‘rin oldi.
Samarqand – Rim – Samarqand.
Azamat FOZILOV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti.