Samarqand davlat universitetida xalqimizning madaniyatida muhim o‘rin tutadigan, betakror ta’mi va shakli bilan jahonga mashhur bo‘lgan Samarqand nonining tarixi va o‘ziga xosliklariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Anjuman Samarqand viloyat hokimligi, Samarqand davlat universiteti va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida tashkil etildi.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti ilmiy-tadqiqotlar va innovatsion rivojlantirish boshqarmasi boshlig’i, professor Hakim Xushvaqtov kirish so’zi bilan ochdi.

    Anjumanda Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, Samarqand nonining turizm salohiyati, milliy brend sifatida dunyo bozorida tutgan o‘rni haqida fikr bildirdi. U nonni nafaqat oziq-ovqat mahsuloti, balki tarix, san’at va urf-odatlar bilan chambarchas bog‘liq ijtimoiy fenomen sifatida talqin qilish zarurligini qayd etdi.

    Konferensiyada dotsentlar Behzod To‘raqulov, Sherbek Ravshanov, Azizbek Ungalov, Odil Boynazarov hamda Amira Ibodovalar o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    Ularning chiqishlarida Samarqand nonining qadimiy ildizlari, tarixiy manbalardagi aks-sadosi, non yopish jarayonidagi urf-odatlar va bugungi kundagi yangilanishlar tahlil qilindi.

    So’zga chiqqanlar Samarqand noni va non bilan bog‘liq an’analar, mahalliy an’ana va urf-odatlardagi nonning o‘rni, Samarqand nonlarining o‘ziga xosligi va uning falsafasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.