Samarqand “Chashma”si “yashil dunyosiga” sayohat

Manzarali bog‘ va o‘rmonzorlarning musaffo havosidan nafas olish ko‘plab kasalliklarni davolashda, inson salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. O‘simlik dunyosining beminnat xizmati faqat is gazini qabul qilib, toza kislorodga aylantirib berishi bilan emas, havo tarkibidagi ko‘plab kasallik tarqatuvchi mikroblarni zararsizlantirib beruvchi fitonsid moddalar ajratishi bilan ham ahamiyatlidir. Bugungi kunda mamlakatimizda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, inson organizmining mo‘tadil rivojlanishi uchun uni o‘rab turgan atrof-muhitda kislorod miqdori 21 % dan kam bo‘lmasligi, karbonad angidrid esa 0,04 % dan oshmasligi zarur. Muvozanatning saqlanishi ob-havoning musaffoligiga bog‘liq. Havoga chiqariladigan chang-g‘uborlarni, sanoat korxonalari, transport vositalaridan ajralayotgan zararli gaz va chiqindilarni tozalab, inson uchun qulay yashash muhitini vujudga keltirishda o‘simlik olamining o‘rni beqiyos. Misol uchun, bir tup terak bir kecha-kunduzda 14 metr kubdan 50 metr kubgacha ifloslangan havoni tozalab berish “quvvati”ga ega.
Butun dunyoda yuz berayotgan global ekologik iqlim o‘zgarishlari cho‘llanish va qurg‘oqchilik atmosfera havosi haroratini bir necha gradusga ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Bu o‘rinda yirik shaharlar ichidan hamda atrofidan oqib o‘tadigan daryo va ariqlar florasi ham shahar va mahallalar mikroiqlimini hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jumladan, Samarqand shahri markazidan oqib o‘tuvchi “Chashma” arig‘i deb nom olgan hududdagi o‘simliklarni inventarizatsiyalash, ularning shakllanish qonuniyatlarini o‘rganish, kamyob turlarni aniqlash va muhofaza qilish usullarini ishlab chiqish asosiy masaladir.
“Chashma” arig‘i flora dunyosi 50 ga yaqin o‘simlikni o‘z ichiga oladi. Jumladan, qamish, qichitqi o‘t, soxta kashtan, kovul, ajriq, dala qirqbo‘g‘imi, tugmachagul, zubturum, ituzum, yovvoyi sutcho‘p, qo‘ypechak, oqtol, otquloq, suvqalampir, temirtikan kabi o‘simliklar, oq tut, terak, jiyda, xurmo, malina kabi daraxt va butalar uchraydi. Shu bilan bir qatorda aniqlangan o‘simliklar ichida 20 turga yaqini dorivor o‘simliklardir. “Chashma” bo‘yida o‘sadigan igir, qichitqi o‘t, tugmachagul, qushqo‘nmas, sachratqi, dala qirqbo‘g‘imi, qashqarbeda, tikanli kovul, suvqalampir, na’matak kabi o‘simliklar xususiyatiga ko‘ra dorivor hisoblanadi. Ushbu dorivor o‘simliklarning 82 foizidan dorivorlik maqsadlarida foydalanib kelinadi.
So‘nggi yillarda aholi tomonidan ariq suviga ko‘plab chiqindilar tashlanishi, oqova suvlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariq suviga oqizilishi oqibatida ariq atrofi va ariq suvi judayam achinarli ahvolga kelib qolgan. Bu esa atrof-muhit ekologiyasiga qolaversa ariq atrofida o‘suvchi o‘simliklarga ham o‘z tasirini o‘tkazmoqda. Samarqand shahar Chashma arig‘iga mahalliy chiqindilarni chiqarilishi tabiatga, shu jumladan o‘simliklar olamiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Hududda aholi sonining oshib borishi bilan tabiiy landshaftlarning o‘zlashtirilishi ham kuchayib bormoqdaki, bu nafaqat alohida turlar, balki o‘simlik jamoalarining ham qisqarishi va yo‘qolib borishiga olib kelishi mumkin.
Shahlo Erdanova
Samarqand davlat universiteti
biologiya fakulteti magistri