Gender tengligi tarixiga bir nazar...

Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti 4-bosqich talabasi Mohinur Ro‘ziyeva “O‘zbekiston xotin-qizlari: o‘tmish va bugun. Gender tengligi va feminizm” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Uning diplom ishi bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblangan gender tengligi tarixi, mamlakatlararo qaror topish bosqichlari va gender tenglik tamoyillarini o‘rganish masalalariga qaratilgan. Mohinur ushbu mavzu bo‘yicha 60 ga yaqin maqolalar muallifi. Maqolalari AQSH, Germaniya, Angliya, Hindiston, Polsha, Rossiya, Qozog‘iston, Eron kabi davlatlarning nufuzli xalqaro nashrlarida chop etilgan. 2021-yilda MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi ilmiy maqola”, “Yilning eng yaxshi yosh olimi” kabi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish bo‘yicha akademik liseylarning 1-bosqich o‘quvchilari uchun “Mashg‘ulot ishlanmalari to‘plami” muallifi. Joriy yilda AQSH ning USAID tashkiloti tomonidan gender tengligi yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro spiker maqomini qo‘lga kiritgan. “Mehr va saxovat”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni sohibasi.
– Gender tengligi va feminizm tushunchalari bir-biri bilan chambar-chas bog‘liq, - deydi Mohinur Ro’ziyeva. - Gender tengligi shaxslarning jinsidan qat’iy nazar teng bo‘lishi kerakligini ilgari sursa, feminizm ayollar huquqlariga urg‘u beradi. Shaxslar ijtimoiy mavqei, jinsi va boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlaridan qat’iy nazar inson huquqlaridan bir xilda foydalana olishganda gender tengligi yuzaga chiqadi. Gender tengligi buzilishi bilan bog‘liq muammolar tariximizda azaldan mavjud bo‘lgan. Tarixdan ma’lum Sharqda ayollarga hurmat masalasi G‘arbdan ancha avval shakllangan. Ko‘pchilik manbalarda gender tengligi asosan G‘arb davlatlarida shakllanib boshlagani haqida aytiladi. Men ishimda gender tengligi, umuman ayollarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish G‘arbdan avval Sharqda paydo bo‘lgani, Sharq xalqlari e’tiqodida ayolga hurmat juda yuksak darajada belgilab qo‘yilganini ilmiy dalillash va tahlil qilishga harakat qildim.
XIX asr oxiri - XX asr boshlariga kelib, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning tutgan o‘rni va ishtiroki masalalari Turkiston ma’rifatparvarlarining diqqat markazida bo‘lgani ko‘pchilikka ayon. Ayollarning millat farzandlari tarbiyachisi sifatida jamiyatda tutgan o‘rni o‘sha davrlardayoq e’tiborga olingan. O‘tmishda ota-bobolarimiz tomonidan ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning bilim salohiyatini yuksaltirish va erkaklar bilan jamiyat hayotida, o‘zaro tenglik asosida, ijtimoiylashgan holda faoliyat olib borishlarini ta’minlash ishlarining birinchi navbatda, maorif sohasini isloh qilishdan boshlanganligi xotin-qizlar maorifi masalalari mazkur davrning dolzarb muammolaridan biri sanalib kelganining dalilidir.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat.